Ukraina bosh vaziri nazarida Rossiya jahon urushi boshlamoqchi

  • Amerika Ovozi

Rossiya va Ukraina qo'shinlari umumiy chegaraga yaqinlashmoqda.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Rossiyani bosqinchilik rejalarida ayblamoqda. Ikki davlat qo’shinlari umumiy chegaraga safarbar etilar ekan, Yatsenyuk nazarida Moskva Ukrainani harbiy va siyosiy jihatdan ishg’ol qilmoqchi.

Ukraina bosh vazirining ogohlantirishicha, Rossiyaning xatti-harakati Yevropada yirik harbiy mojaro keltirib chiqarishi mumkin. Vazirlar mahkamasida so’zlagan Yatsenyuk ta’rificha, Moskva Uchinchi jahon urushini boshlamoqchi.

Amerika rahbari Barak Obama ham Kremlning Ukraina sharqidagi faoliyatini tanqid qilayapti. Hududda Rossiyaga moyil qurollangan kuchlar hukumat binolarini bosib olgan.

Obama bugun Yevropadagi ittifoqchilar bilan gaplashib, Rossiya agressiyasi davom etsa, qo’shimcha sanksiyalarni qo’llash ehtimolini muhokama qilmoqchi.

Uning aytishicha, prezident Vladimir Putin Rossiyaning shundoq ham zaif iqtisodiyotini barbod qilishdan oldin o’ylab ko’rishi kerak. Obama Putinni Ukraina mojarosini diplomatiya yo’li bilan hal qilishga da’vat etib keladi.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri ham kechagi chiqishida Moskvani juda qimmat xatoga yo’l qo’yayotgani haqida ogohlantirgan. AQSh bosh diplomati Putinni separatist kuchlarni jilovlashga undayapti.

Bu orada, nufuzli Standart and Poor kredit agentligi Rossiyaning kredit olish reytingini keskin tushirgan. Agentlik Rossiyadan olib chiqilayotgan moliya hajmidan xavotirda. Sanksiyalar oshsa, mamlakatning kredit reytingi yanada tushishi mumkin.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G’arbni vaziyatni atayin bo’rttirib ko’rsatishda aybladi. Ukraina hukumati avval Kiyevdagi to’polonni tinchitib, namoyishlarni tarqatsin – shundan so’ng sharqdagi kuchlar qurolini topshiradi, deydi Lavrov.

Vazir rasmiy Kiyevning sharqiy viloyatlarda Rossiyaga moyil kuchlarga qarshi harakatlarini tanqid qilib, qonli jinoyat deya ta’riflayapti. Ukraina mutasaddilari so’zlariga ko’ra, to’qnashuvlarda besh odam o’lgan.

Ukraina Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov amaliyot davom etishini aytmoqda. Terrorchilar o’zidan ko’rsin, biroq tinch aholiga hech qanday xavf yo’q, dedi Avakov Facebookdagi sahifasida.