“Nyu-York Tayms” gazetasining xabar berishicha, AQSh Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga AQSh bergan uzoq masofali raketalar bilan Rossiya ichkarisini nishonga olishga ruxsat bergan.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uning mamlakati bunday imkoniyatdan yaqinda foydalanishi haqida ma’lum qildi.
Baydenning qarori ikki oydan so’ng Oq uyda ish boshlovchi yangi prezident Donald Trampning Rossiya-Ukraina urushiga doir pozitsiyasiga qarama-qarshi.
Tramp ixtilofni to’xtatishga so’z bergan. Bayden esa, deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, bu bilan eskalatsiyani kuchaytirmoqchi.
Trampning o’g’li kenja Donald buni Uchinchi jahon urushiga turtki deb atadi.
AQSh Ukrainaga uzatgan ATACMS raketasi 300 kilometrgacha ucha oladi.
Fransiyaning “Le Figaro” gazetasi Britaniya va Fransiya ham Ukrainaga o’zlari bergan uzoq masofali raketalar bilan Rossiya hududini nishonga olishga ruxsat bergani haqida xabar berdi, biroq sal turib ushbu xabarni o’chirgani ma’lum.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Bayden ma’muriyati bu bilan Tramp prezidentlikni boshlashidan oldin va Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralargacha Ukrainaning pozitsiyasini kuchaytirmoqchi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bungacha G’arb uzoq masofali raketalarni Rossiyaga qarshi qaratish qarorini Ukrainaga emas, o’ziga bermoqchi ekanini aytgan.
“Ukraina armiyasi bu qurolni mustaqil ravishda qo’llay olmaydi, Bu faqat NATO mamlakatlari mutaxassislarining qo’lidan keladi. Buning uchun Ukrainada yo’q fazoviy razvedkadan foydalanish kerak, undan olingan ma’lumot asosida raketa parvoziga doir axborot kompyuterga kiritiladi. Buning ortida NATO ofitserlari turadi. Rossiya tegishli choralar ko’radi albatta”, - degan Putin.
Peskov Vashingtonda iste’foga chiqayotgan ma’muriyat moyga olov quyishda davom etayotganini aytdi.
Putin Rossiyaning yadroviy doktrinasiga “mamlakatga qarshi an’anaviy hujumga yadroviy javob berilishi mumkin” deya yaqinda o’zgartirish kiritgan.
“Ukraina cheklovlar yumshatilishiga umid qilgan holda ATACMS raketalarini to’plab qo’ygan, biroq Rossiyaga jiddiy zarar yetkazish uchun yetarli miqdorda raketalarga ega emas. Shu sabab bu urush yo’nalishini o’zgartirishiga ishonmayman”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Jeyms Niksi.
Unga ko’ra, Ukraina AQSh raketalari bilan Rossiyaning front ortidagi ta’minot liniyalari va askarlariga zarba berishi mumkin.
Tramp prezidentlikni boshlashi bilan Baydenning bu qarorini bekor qilishi kutilmoqda.
Britaniyaning Bat universitetida dotsent Patrik Burining taxmin qilishicha, AQSh bunday qarorga Shimoliy Koreya Rossiyaga qo’shin va raketa bergani haqidagi xabarlar tarqalganidan so’ng kelgan.
"Buning yirik strategik ta’sir ko’rsatishiga ancha kech bo’ldi. Nazarimda, bu rus hujumlarini sekinlashtirish uchun qilinmoqda”, - deydi u.
Buri Rossiya bunga javoban yadro qurolini ishga solishiga ishonmaydi.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Yevropa mamlakatlari ham Ukrainaga o’z qurollari bilan Rossiya ichkarisiga hujum qilishga ruxsat berishi kerakligini aytadi.
"Biz Ukrainaga nafaqat o’qlarni to’xtatishga, balki kamonchilarni ham nishonga olishga imkon berishimiz kerak”, - dedi u.
O’tgan juma kuni Putin bilan telefonda bir soat gaplashgan Germaniya Kansleri Olaf Shols uning mamlakati Ukrainaga berilgan va 500 kilometrgacha ucha oladigan “Taurus” raketalarini Rossiyani nishonga olishda qo’llashga ruxsat bermasligini aytgan.
Dushanba kuni uning vakili buni yana bir bor tasdiqladi.
Shols Putinning Ukraina urushiga doir pozitsiyasi o’zgarmaganini aytadi.
Zelenskiy Sholsning Putin bilan muloqotini tanqid qildi, Yevropaning boshqa rahbarlari ham endi u bilan gaplashishini taxmin qildi.
Shols bunga javoban Tramp Oq uyga qaytishi bilan Putin bilan muntazam gaplashib tursayu, yevropalik rahbarlar gaplashmasa, yaxshi bo’lmasligini aytadi.
Rossiya yakshanba va dushanba kunlari Ukrainani havodan nishonga olgan. Asosan Ukrainaning energetika infratuzilmasiga zarba berilgan.
Prezident Zelenskiy yakshanba kuni 120 ta raketa va 90 ta dron uchirilganini bildirdi. Ukraina Harbiy-havo kuchlari 104 ta raketa va 42 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
Yakshanba kungi hujumlar kamida 11 kishini, dushanba kuni esa Odessaga hujum 10 nafar ukrainalikni nobud qilgani aytilmoqda.
Rossiya rasmiylari tinch aholi o’limida Ukraina havo mudofaasi tizimiga tegishli raketani ayblamoqda, Odessa shahrida rus raketasi Ukraina xavfsizlik xizmatiga tegishli binoga tekkanini da’vo qilmoqda.
Dushanba kuni Zelenskiy Ukraina sharqidagi Pokrovsk shahriga borgan. Rus armiyasi shahardan 8 kilometr narida turgani, katta kuch bilan unga hujum qilayotgani aytiladi.
Bu o’rtada AQShning “Bloomberg” axborot nashri tarqatgan xabarga ko’ra, Ukrainadagi urushga chek qo’yishga intilayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Braziliyada boshlangan “Katta Yigirmalik” sammitida yangi tinchlik tashabbusini muhokama qilmoqchi.
Erdog’an xususan mojaroni muzlatib, Ukrainaning NATOga a’zoligini 10 yilga kechiktirish, Donbassga xalqaro kuchlarni kiritib, demilitarizatsiya zonasini tashkil etishni taklif etmoqda.
Rus rasmiylari mojaroning muzlatilishiga rozi bo’lmasligini, urushda qo’lga kiritilgan yutuqlardan voz kechmasligini, har qanday tanaffus Ukrainaga xordiq chiqarishga va yangi kuchlarni tayyorlashga imkon yaratishini aytadi.