Rossiya sudi tomonidan qotillikda ayblanib, 22 yilga qamalgan ukrainalik harbiy Nadejda Savchenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan avf etilib, bugun Ukrainaga yetkazildi.
O'zaro kelishuvga ko'ra, Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko 14 yilga qamalgan ikki rossiyalikni avf etib, vataniga jo'natib yubordi. Ukraina Aleksandr Aleksandrov va Yevgeniy Yerofeyevni Donbassda jang qilgan rus harbiylari deb biladi, Rossiya esa ular harbiy xizmatdan ketganini, Donbassga o'z xohishiga ko'ra borganini aytadi.
Hibsxonada salkam ikki yil saqlangan 35 yashar Savchenkoni Kiyevda qahramonday kutib olishdi. Sud uni fuqarolar urushi ketayotgan Donbassda rossiyalik ikki jurnalistning o'limiga aloqadorlikda aybdor topgan edi.
Savchenko Donbassga qaytib borib, isyonchilarga qarshi kurashni davom ettirishga so'z berdi.
"Men ozodman. Aksil-terror amaliyotdan qaytmagan farzandlarning ota-onalaridan hali ham tirik ekanim uchun uzr so'rayman. Farzandlari asirda o'tirgan ota-onalardan ozod bo'lganim uchun uzr so'rayman. Qurbonlarni hayotga qaytara olmayman, ammo asirlarni ozod etish uchun qo'limdan kelgancha harakat qilaman, kerak bo'lsa, Ukraina uchun jonimni beraman. Ukraina qahramonlari o'lmasligi kerak. Ayrimlar ularning hayot qolishini istamaydi. Qahramonlar Oliy Radada asosiy kuch bo'lishi kerak", - dedi Savchenko.
Uchuvchi Rossiya sudi qo'ygan ayblovlarni tan olmagan.
Putinning aytishicha, Donbassda halok bo'lgan jurnalistlarning bevalari Savchenkoga muruvvat ko'rsatib, uni ozod etishni so'ragan.
Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas'ul rasmiysi Federika Mogerini Savchenkoning ozod etilganini olqishladi.
Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, Yevropa Ittifoqi bunga javoban Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni yil oxirigacha yumshatishi mumkin.