Ukraina-Slovakiya chegarasida kontrabanda yo’llari topilgan

  • Amerika Ovozi
Huquq-tartibot idoralari yaqinda Ukraina chegarasidan Yevropa Ittifoqi a’zosi Slovakiya tomon qazilgan tunnelni aniqladi. “Ameika Ovozi” muxbiri Stefan Bosning Budapeshtdan xabar berishicha, Yevropa Ittifoqiga qurol-aslaha, narkotiklar va hatto odamlarni kontrabanda qilayotgan uyushgan jinoiy tizimlar bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina-Slovakiya chegarasidagi yer osti yo'llar/Shohruh Hamro



Ukraina maxfiy xizmati ma’lumotiga ko’ra, Mali Selmensi qishlog’idan Slovakiyagacha tortilgan tunnelning kirish joyi, buni qarangki, “Yevropa” deb nomlangan do’kon ichida ekan.

Kiyim-kechak va xo’jalik mollari magazinidan asl maqsad, deydi agentlar, to’rt metr chuqurlikda qazilgan, kontrabanda uchun ishlatiladigan yer osti yo’lini yashirish bo’lgan.

Ukraina hukumatidan uyushgan jinoyatchilik ildiziga bolta urish talab qilinmoqda.

Slovakiya Ichki ishlar vaziri Robert Kalinak so’zlariga ko’ra, o’tgan oy ikki davlat chegarasida ichida temir yo’l yotgan 700 metrli yana bir tunnel topilgan.

“Turli mahsulotlarni, hatto ehtimol odamlarni tashish uchun mo’ljallangan”, - deydi u.

Chuqurligi olti metr. Tergovchilar uni qazish uchun konchilikdagi so’nggi texnologiya ishlatilganini aytadi. Bu shundan dalolatki, jinoiy guruhlar Yevropa Ittifoqiga chiqishning yangidan-yangi yo’llarini topmoqda.

Vizalardan xoli yevrozonaga 2004-yilda kirgan Slovakiya chegara mudofaasida hushyor. Ammo Moliya vaziri Piter Kazimir mamlakat xazinasiga millionlab dollar zarar yetkazilganini ham tan oladi.

Uning aytishicha, iyul oyida o’tkazilgan reydda 13 mingdan ziyod sigatera qutilari musodara qilingan. Yer osti yo’llari bir yil davomida ishlatilgan bo’lsa, demak davlat g’aznasi 61 million dollar soliqdan quruq qolgan.

Slovakiya vaziri topilmani AQSh-Meksika chegarasida qoradori savdosi bilan shug’ullanuvchi guruhlar barpo etgan tunnellarga qiyoslaydi. Slovakiyada bir necha kishi qo’lga olingan. Ukraina bilan hamkorlikda tergov davom etayapti.

Ikki davlatning qariyb 100 kilometrga teng chegarasi olisdagi qalin o’rmonzorlardan o’tgani sharqdan g’arbga narkotiklar, sigaretalar va qochqinlarni tashiydigan jinoiy guruhlar uchun ayni muddao.

(Rasmni kattalashtirsa bo'ladi)


AQSh va Yevropada yana bir xavotir shuki, Sovet Ittifoqi davridan qolgan eski qurol-aslaha va yadroviy materiallar ham bu guruhlar qo’liga tushib qolishi mumkin.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ukrainlar fikricha, poraxo’r rasmiylar, jumladan hokimlaru sudyalar kontrabanda yo’llari haqida bilgan, ammo pora evaziga ko’z yumgan. Tunnellarni portlatib yoki suv bilan to’ldirib, isbot-dalillarni yo’q qilishmasa bo’lgani, deydi ular.

Buning ajablanarli yeri yo’q – dunyo bo’ylab korrupsiya darajasini kuzatuvchi “Transparency International” tashkiloti ro’yxatida Ukraina eng yulg’ich davlatlar qatoriga kiradi.