Ukraina mojarosi Turkiyaga qanday ta'sir ko'rsatadi?

  • Amerika Ovozi

Turkiyada Qrim tatarlari huqularini hurmat qilishni talab qilib yuzlab odam ko'chalarga chiqdi. Anqara, Turkiya, 2-mart 2014.

Ukrainada inqiroz churuqlashar ekan, buning iqtisodiy oqibatlari qo’shni Turkiyani tashvishga solayapti. Ammo mojaro natijasida Anqara oldida yangi imkoniyatlar ham ochilishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina mojarosi Turkiyaga qanday ta'sir ko'rsatadi?/Shohruh Hamro


Ukraina va Rossiya o’rtasida ziddiyatlar tobora alanga olmoqda. Bu esa G’arb va Moskva bilan yaqin aloqaga ega Turkiyani qiyin ahvolga solib qo’ydi.

Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar markazi tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, G’arbning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasi keskinlashib borayapti. “Sanksiyalar haqida qancha ko’p gapirilsa, Turkiya uchun Rossiya va G’arb o’rtasidagi muvozanatni saqlab qolish shunchalik qiyinlashadi”, deydi u.

Anqara Mosvkaning Qrimni tortib olganini tandiq qilsa-da, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etishga kelganda G’arbga ergashmadi. Sabab? Rossiya Turkiyadan eng ko’p mahsulot xarid qiluvchi davlatlardan biri.

Turkiya milliy aviakompaniyasining Qrimga reyslarni davom ettirish qarori, ayrimlar nazarida, Kremlga nisbatan ko’rsatilgan iltifot. Anqara Qrim mojarosida betaraf qolishga harakat qilayapti, lekin moliyaviy oqibatlaridan qochib qutula olmaydi, deb hisoblaydi “Finans” bankining bosh iqtisodchisi Inan Demir.

“Urush-janjallar sarmoyadorlarni cho’chitadi, ular vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi. Rossiyadan olib chiqilayotgan kapitalning bir qismi Turkiyada qo’nim topishi ehtimoli bor. Ammo investitsion muhit salbiy tarafga o’zgarishi bilvosita bo’lsa-da, Turkiyaga ham ta’sir qiladi”, - deydi Demir.

Turkiya tabiiy gazining yarmini Rossiyadan oladi. Quvurlar Ukrainadan o’tgan. Ta’minot uzilsa, Turkiya ham ziyon ko’rishi aniq.

Siyosiy tahlilchi Atilla Yesilada fikricha, Moskva tabiiy resurslarini Yevropada bo’lgani kabi Anqaraga qarshi qo’llashi ham ehtimoldan xoli emas. Lekin uzoq muddatda Ukraina mojarosi Anqaraga qo’l kelishi mumkin.

“Rossiyani tartibga chaqirishning bir yo’li - Gazprom monopoliyasiga muqobil tizim yaratishdir. U Yevropani gaz bilan ta’minlasin. Masalan, Iroq Kurdistonidan Turkiya tomon quvur qurishni tezlashtirsa bo’ladi. Keyinchalik dengiz ostida quvurlar yotqizish uchun esa Anqara Kipr va Isroil bilan yarashishi kerak bo’ladi”, - deydi ekspert.

Kiprda ham, Isroilda ham yaqinda katta hajmda gaz manbalari topildi. Demak, Yevropaning Rossiya gaziga qaramligini kamaytirish imkoniyatlari bor. Bundan xabardor Gazprom Turkiya bilan aloqalarni mustahkamlashga o’tgan. Anqara Rossiya gazining eng katta xaridorlaridan.

Gazprom rahbari muovini Aleksandr Medvedev o’tgan hafta Turkiya energetika vaziri Taner Yildiz bilan ko’rishib, hamkorlikni kengaytirish to’g’risida gaplashib oldi.

Ukrainadagi vaziyat yaqin kelajakda Turkiyaga iqtisodiy xavf soladi. Ammo, deydi tahlilchilar, Turkiya shu bahonada regionning energetika markaziga aylansa ham ajabmas.