Ekspertlar fikricha, Ukraina sharqidagi isyonchilar maxsus malaka talab etuvchi zamonaviy qurollardan foydalanmoqda va ularni faqat Rossiya yetkazgan bo’lishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Hozirda hukumat kuchlari va separatistlar og’ir qurollarni frontdan olib chiqish jarayonini yakunlash arafasida. Lekin NATOning bildirishicha, Rossiya Ukrainaga aslaha olib kirishda davom etmoqda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti inspektorlari Ukraina armiyasi raketa tashuvchi vositalarni frontdan olib chiqayotganini tekshirmoqda. Bu yerdan 80 kilometr janubda esa boshqa bir guruh isyonchilar ham sulhga amal qilayotganini kuzatadi.
Bo’lginchilar ixtiyorida ilg’or qurollar bor. Rossiyadan keltirilgan aslaha miqdori oz bo’lsa-da, jiddiy ziyon yetkazish quvvatiga ega, deydi Nik Jensen-Jouns, harbiy sohada izlanuvchi konsalting firmasi direktori.
“Ular qo’lida katta sistemalar ko’p emas, lekin urush natijasini hal qiladigan kuchga ega”, - deydi u.
Uning tashkiloti o’tkazgan izlanishdan asosiy xulosa shuki, bo’lginchilar armiyaga qarshi qo’llayotgan ayrim qurollar Ukraina qurolli kuchlarida hech qachon bo’lmagan. So’nggi rusumdagi miltiq va avtomatlar, Rossiyada ishlab chiqarilgan va jang maydonida portlatilgan tanklar bunga misol.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg so’zlariga ko’ra, Rossiyadan qurollar oqimi to’xtagani yo’q.
“Ukrainada rus askarlari hamon jang qilayapti. Kreml separatistlarni qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda. Aslaha bilan, treninglar bilan…”, - deydi alyans rahbari.
Rossiya yaqinda Yevropada qurollar sonini cheklaydigan bitim muzokaralarida ishtirokini to’xtatdi. Kelishuv shartlari, Kreml nazarida, qayta ko’rib chiqilishi kerak.
NATO Rossiyaning bu qaroridan afsusda. Lekin yuqoridagi kelishuv Prezident Vladimir Putinni Ukrainaga qurol jo’natishdan to’xtata olgani yo’q, deydi tahlilchi Jozef Dempsi.
“Ukrainaga hech qachon eksport qilinmagan vositalarni ko’rayapmiz - zirhli mashinalar, tanklar. Ular mamlakatga qayerdan kirdi? Albatta, tashqaridan, aniqrog’i Rossiyadan. Ulardan samarali foydalanish uchun muayyan tajriba va malaka kerak”, - deydi u.
Demak, Rossiya isyonchilarni treningdan o’tkazgan yo askarlarini yuborgan, deydi Dempsi.
Obama ma’muriyati Rossiyani agressiyada ayblab, Ukrainaga qurol yuborishi mumkinligini aytib keladi. Biroq sulh kuchga kirishi bilan bu masala orqaga surildi.
Agar janglar davom etsa, Ukrainani radar va tankka qarshi sistemalar bilan ta’minlash muhokamada. Albatta, Rossiya ham qarab turmaydi va mojaro yana alanga olishiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantiradi ekspertlar.