Sofiya Lisenko uch yoshga to’lganida ota-onasi Ukrainadan AQShga ko’chib keladi. Bugun Sofiya 17 yoshda. Amerikaning yirik farmatsevtika kompaniyalari u bilan hamkorlik qilishga oshiqmoqda.
O’quvchi qiz Alsgeymer va Parkinson kasalliklariga chalingan bemorlarning bevosita miya hujayralariga dori yetkazuvchi sun’iy makromolekulyar robot yaratgan.
17 yashar Sofiya Lisenko ilm-fanga yoshligidan qiziqadi. So’nggi yillarda u dorini inson miyasiga yetkazish usullari xususida izlandi.
Biroq dorini bosh miyani viruslar va patogenlardan himoyalovchi po’stloq, ya’ni gematoensefalik to’siqdan o’tkazish muammo edi. Shunda Sofiya ana shu to’siqdan o’ta oluvchi DNK hajmidagi makromolekulyar robot yaratishga muvaffaq bo’ldi.
Sofiya shu ixtirosi uchun nufuzli Google ilm-fan ko’rgazmasida birinchi o’rinni egalladi.
“Gematoensefalik to’siq DNKni yaxshi o’tkaza olishi aniqlangan. Har bir hujayramizda DNK mavjud, tanamizga yaxshi tanish. Nano zarrani esa tanamiz qabul qilmasligi mumkin, uni yaratish arzon emas. Biroq DNK molekulalaridan nano strukturalar yaratsa bo’ladi. Mening loyiham robot ichidagi ana shu strukturalardan molekulalarni miyaga yetkazishda foydalanishga qaratilgan”, - deydi Sofiya.
Mitti DNK roboti o’zi hisob-kitob qilib, manziliga yo’lni topib oladi.
Loyiha samarasini sinash maqsadida Lisenko kompyuterda yuzlab tajribalar o’tkazgan. Biroq tajribalarni yuqori darajada o’tkazish uchun uning Pensilvaniyadagi maktabida sharoit yo’q edi.
“Bu maktabda u olib borayotgan ishlar bilan shug’ullanish uchun na laboratoriyamiz bor, na zarur uskunalar. U ana shunday joy qidirishga, ilg’or texnologiyalarga ega tadqiqot universitetini topishga kirishdi. Oson bo’lmadi, ko’plab joylarga qo’ng’iroq qilishga, ko’p odamlar bilan gaplashishga to’g’ri keldi”, - deydi Sofiya o'qiyotgan Abington maktabi o'qituvchisi Uilyam Anderson.
Iste’dodli o’smir Bostonda ana shunday joy topishga muvaffaq bo’lib, izlanishlarini maxsus laboratoriyada davom ettirdi.
Sofiya tanqidlarga ijobiy qaraydi.
“U bilimga chanqoq, shu sabab tanqidlarni yaxshi qabul qiladi. Uning bu fazilati meni hayratga soldi”, - deydi yosh olimaning o'qituvchisi Melissa Lindinger.
Lisenko kelajakda nima bilan shug’ullanishini hozircha bilmaydi. Muallimalik qilishi yoki farmatsevtika kompaniyasida ishlashi mumkin. Nima bo’lganda ham ilm-fanni tashlash niyati yo’q.
Sofiya ayni damda bir nechta yosh olim bilan boshqa bir loyiha ustida izlanmoqda. Ular bolaning harakati, yuz ifodasi va tana harakatiga qarab, unda bosh miya falajini aniqlashga yordam beruvchi algoritm programmasini yaratish bilan band.