Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha oliy komissarining o’rinbosari Nada al-Nashifning aytishicha, Tolibon avgust oyida Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olganidan beri xavfsizlik kuchlarining 100 dan ziyod sobiq xodimi o’ldirilgan, Tolibon yosh bolalarni askarlikka yollamoqda, ayollar huquqlarini toptayapti.
Your browser doesn’t support HTML5
BMT rasmiysining Inson huquqlari kengashida so’zlashicha, “Islomiy davlat” jihodchi to’dasining 50 ga yaqin a’zosi osilgan yoki boshi tanasidan judo etilgan.
“Oilalar haddan tashqari qashshoqlik va ochlik bilan yuzlashmoqda. Bolalar mehnatga majburlanayotgani, qizlar erta turmushga chiqarilayotgani, hatto bolalar sotilayotgani haqidagi xabarlar xavotir uyg’otmoqda”, - deydi rasmiy.
100 dan ortiq qotilliklardan kamida 72 tasiga Tolibonning aloqador ekani aytilmoqda. Ayrim hollarda, deydi al-Nashif, mayit ko’chaga osib qo’yilgan va bu aholi vahimasiga sabab bo’lmoqda.
Unga ko’ra, Tolibon ayollarni ta’lim olish va ishlash huquqidan ayirmoqda, harakatlanish erkinligini cheklamoqda. Avgust oyidan beri kamida 8 nafar faolning va ikki jurnalistning o’ldirilgani ma’lum.
"Afg’on sudyalari, prokurorlari, advokatlari va ayniqsa bu sohada ishlovchi ayollar xavfsizligi tashvishga sabab”, - deydi BMT rasmiysi.
Eski hukumat davrida BMTning Jenevadagi vakolatxonasida elchilik qilgan Nosir Ahmad Andishaning aytishicha, Tolibon hokimiyatga kelishi bilan ko’plab qotilliklar sodir etilmoqda, odamlar g’oyib bo’lmoqda, ko’p hollarda bu ishlar rasmiylashtirilmayapti, hisobga olinmayapti, javobgarlar jazosiz qolmoqda.