Birlashgan Millatlar Tashkiloti 75 yoshda

  • Amerika Ovozi

Joriy yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi nishonlanmoqda. 1945-yil iyunida Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida tashkilot nizomi qabul qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 29-iyun, 2020-yil

Kelajakda urushlarning oldini olish maqsadida Ikkinchi jaron urushidan keyin tashkil etilgan bu idora xalqaro nizolarni tinch yo’l bilan hal etishni bosh maqsad qilgan. Bugunga kelib uning vazifalari ancha o’zgargan.

“COVID-19 dan tortib iqlim o’zgarishigacha, irqiy adolatsizlikdan tortib kuchayib borayotgan ijtimoiy tengsizlikkacha doir muammolar bilan yuzlashyapmiz. Dunyo alg’ov-dalg’ov, ammo tashkilot nizomida bitilgan davomiy maqsad bizni xalqaro hamjamiyat sifatida yorqin kelajak sari yetaklaydi”,- dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Biroq tashkilotga asos solgan mamlakatlarning ba’zilari BMTning asosiy tamoyillaridan biri bo’lmish ko’p qirrali siyosatdan chekinmoqda, maydaroq davlatlar esa bunday siyosat tarafdori.

“Ular BMTga oldingidan kattaroq ahamiyat bermoqda, chunki kunning dolzarb muammolarini ko’p qirrali diplomatiya orqali, kollektiv ravishda hal qilish muhimligini anglab yetmoqda. Iqlim o’zgarishi, global salomatlik kabi bugungi muammolarni xalqaro hamkorlik orqaligina hal qilish mumkinligini ko’ryapmiz”, - deydi Nyu-Yorkdagi Fordxem universiteti professori Anjali Dayal.

Antoniu Guterrish ko’p qirrali siyosatga kuch bag’ishlash kerakligini aytadi.

“Muammo bunday siyosatning bugungi dunyo tashvishlari oldida ojizligida emas. Muammo bugungi ko’p qirrali siyosatga ko’lam, maqsad, tish-tirnoq yetishmayotganligida”, - deydi BMT bosh kotibi.

So’nggi yillarda BMT missiyasi kengayib, tinchlikparvarlik va insonparvarlik kabi amaliyotlar qo’shildi. Bugunga kelib tashkilot 83 mamlakatda 87 million muhtoj odamni oziq-ovqat bilan ta’minlaydi, dunyodagi bolalarning yarmini emlagan, 13 mamlakatda salkam 100 ming tinchlikparvar qo’shini bor.

Biroq tashkilotning o’ziga yarasha tanqidchilari ham bor. Ular nazarida, BMT bugungi kun nizolarini hal etishda ojizlik qilyapti.

“Bugungi BMT 1945-yilda orzu qilingan tashkilotdan farq qiladi. Uning siyosiy qanoti samarasiz ishlamoqda. Ko’plab gumanitar idoralari yaxshi ishlayapti, biroq siyosiy tomondan tashkilot zarur darajada faoliyat yuritmayapti”, - deydi AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton.

Jahon tashkiloti 75 yilligini COVID-19 pandemiyasi fonida nishonlamoqda. Kasallik BMT tuzilganidan beri eng katta tahdid deya ko’rilmoqda. Biroq dolzarb muammolar koronavirusdan oldin ham yetarli edi.

“Dunyo davlatlarining iqlim o’zgarishiga siyosatini muvofiqlashtirish tashkilotning kelasi bir necha 10 yilda eng katta muammosi bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi “Xalqaro inqirozlar guruhi”dan Richard Govan.

BMTning qudratli a’zolari tashkilot ishini paysalga solmay hamkorlikni davom ettirishi uchun muvozanatni ta’minlash yana bir muammo, deydi mutaxassis.

“Xitoyning kuchayayotgani BMTga eng katta tahdid deb bilaman. Chunki Xitoy iqtisodiyoti kuchaygani sari tashkilotdagi mavqei ham tez oshib bormoqda. Bu esa Amerika rasmiylarini asabiylashtiryapti. Boshqa mamlakatlar diplomatlari ham mavqei va BMT tizimidagi ta’sirini yo’qotayotganidan tashvishda”, - deydi Govan.

Bir necha milliard dollarlik yillik byudjetga ega tashkilot o’z tarixida eng katta moliyaviy inqirozga ham yuz tutmoqda.

“Ayni damda BMT moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechirmoqda. Bu esa dunyoga salbiy ta’sir qilyapti, tinchlik va xavfsizlikka ta’sir qilyapti, global salomatlikka ta’sir qilyapti”, - deydi professor Dayal.