O'zbekiston: Markaziy Osiyoda yangicha ishonch muhiti shakllanmoqda

Markaziy Osiyo o’z muammolarini mustaqil yechish qudratiga ega mintaqaga aylanmoqda. O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo hamkorligi bo’yicha qabul qilingan rezolyutsiyani shunday baholamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Mirziyoyev Nazarboyevni islohotchi lider deb maqtadi

Bir ovozdan qabul qilingan bu hujjatda Markaziy Osiyo davlatlarining o’zaro hamkorlik istiqbollari ifodalanadi. Ularning o'z muammolarini mustaqil tarzda yechishga qodirligi Prezident Nursulton Nazarboyev tomonidan ham ta’kidlab o’tilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevni olqishlagan video matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Qozog’iston rahbarining tavallud ayyomi munosabati bilan yozilgan videotasvir Markaziy Osiyoda bugun yuzaga kelgan yangi hamkorlik munosabatlarining isboti o’laroq baholanmoqda.

6-iyul kuni 78 yoshini qarshilayotgan Nazarboyevning xizmatlari olqishlangan video Qozog’iston prezidenti matbuot xizmati tomonidan yozib olingan. Mirziyoyev uni zamonaning ilg’or, islohotparvar siyosatchilaridan biri sifatida e’tirof etadi, Qozog’iston erishgan muvaffaqiyatlar Nazarboyev nomi bilan bog’liq ekanligini ta’kidlaydi.

“U har doim islohotlarga intiladi, islohotchi lider. Qozog’iston erishgan muvaffaqiyatlarni dunyo kuzatib turibdi. Menga u bilan ishlash, gaplashish juda qulay, har bir uchrashuvimiz men uchun ibratli”, - deydi jumladan Mirziyoyev.

Videolavha mintaqa yetakchilarining o’zaro munosabatida iliqlik qaror topayotganini ko’rsatadi. Prezidentlar o’rtasidagi taranglik, ishonchsizlik uzoq yillar mintaqadagi ziddiyatlarning asosiy sabablaridan biri sifatida sanab kelinayotgan edi.

O'zbekiston tashqi siyosatda Markaziy Osiyo ustuvorligini e’lon qilar ekan, vaziyat o’zgardi. Davlatlar orasidagi aloqalarda ham, rahbarlarning o’zaro munosabatlarida ham samimiylik, iliqlik kuzatiladi.

Bu jarayonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo’llab quvvatlanmoqda. 22-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyo hamkorligi olqishlangan rezolyutsiyani qabul qildi. O’zbekiston tomonidan qo’shnilar bilan hamkorlikda tayyorlangan bu hujjatda integratsiya mintaqa taraqqiyoti uchun xizmat qilishi ta’kidlanadi. Xalqaro hamjamiyat esa integratsiyani kuchaytirish, chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashga chaqiriladi.

Toshkent tarqatgan bayonotga ko'ra, ushbu rezolyutsiya Markaziy Osiyo muvofiqlashgan, muammolarini mustaqil tarzda yecha oladigan mintaqaga aylanib borayotganidan dalolatdir.

Markaziy Osiyo muammolarini yechishda uchinchi kuchning ishtirokiga hojat yo’qligini Nazarboyev ham ta’kidlab o’tgan edi.

“Mintaqa liderlarining maslahatlashuv uchrashuvini o’tkazish tashabbusi O’zbekiston prezidentiga tegishli. Bu tashabbus mintaqada yuzaga chiqayotgan ichki muammolarni o’zimiz birgalikda yechishimizga imkoniyat yaratdi. Qolaversa, mintaqa liderlarining o’zaro uchrashuvi bundan to’qqiz yil avval o’tgan edi, albatta muloqotimiz uzilib qolmagan edi, ammo hozirgi shaklda anchadan buyon yig’ilmagan edik”, - degan edi Nazarboyev Ostonada o’tgan mintaqaviy sammitda.

Sharhlovchilarga ko’ra, BMT rezolyutsiyasi asosan rag’batni ifodalaydi, hamkorlik shakli esa aniqlashtirilmagan. Turli siyosiy, harbiy, iqtisodiy tashkilotlarga tortilgan Markaziy Osiyo uchun biror nizom, xalqaro hamkorlik tashkiloti atrofida birlashish zarur.

Mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini baholar ekan, qozog’istonlik ekspert Do’sim Satpayev Karimovdan keyin yangi bir davr kuzatilayotgani, xususan O’zbekiston mintaqada nafaqat markaziy hokimiyatlar, balki hududlar o’rtasida, viloyatlar miqyosida hamkorlikni mustahkamlash tashabbusi bilan chiqayotganiga diqqat qaratadi.

Unga ko’ra, mintaqaviy hamkorlik shakli va istiqbolini birinchi navbatda siyosatchilar emas, biznes, iqtisodiy ehtiyojlar belgilashi kerak.

Markaziy Osiyo davlatlarining ilk sammiti to'qqiz yillik tanaffusdan keyin shu yilning mart oyida Ostonada o’tgan edi. Yaqin oylarda Turkmanistonda ham shu kabi yig’ilish o’tishi mumkin.

Mirziyoyev va Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedovning yaqinda o'tgan telefon muloqotida Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg’armasi ta’sischilari sammitini Ashgabatda o'tkazish haqida gap borgan.