BMTning iqlim o’zgarishini o’rganayotgan hukumatlararo komissiyasining 9-avgust kuni chop etilgan hisobotining xulosasi shuki, iqlim o’zgarishiga inson faoliyati sababchi. Buning natijasida Yerdagi harorat 19-asrda sanoatlar paydo bo’la boshlaganidan beri 1,1 darajaga ko’tarilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Komissiyaga ko’ra, global isish kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan, biroq uning eng yomon oqibatlariga barham berish hali ham kech emas.
"Inson faoliyati natijasida keskin va yomon ob-havo tez-tez uchrab turibdi va sayyoramizning har bir mintaqasiga ta’sir qilyapti. Global isishni cheklash uchun zararli gazlar hamda issiqxona gazlari chiqindisini kamaytirish kerak”, deyiladi hisobotda.
Unga ko’ra, agar tezkor choralar ko’rilmasa, yana 20 yildan keyin harorat 1,5 darajalik chegaradan o’tib, muzliklar yanada erishi, suv sathi ko’tarilishi, toshqinlar va qurg’ochilik holatlari kuchayishi mumkin.
3000 sahifalik hisobotni tayyorlashda 234 olim qatnashgan.
Noyabr oyida Shotlandiyaning Glazgo shahrida BMTning iqlimga doir navbatdagi anjumani o’tkaziladi.
Iqlim o’zgarishiga misollarni ayni kunlarda dunyoning ko’p nuqtalarida ko’rish mumkin. Xususan, AQShning Kaliforniya shtatida o’rmonlar yonmoqda. Shtat tarixidagi ikkinchi katta yong’in o’tgan hafta Grinvil shahri kulini ko’kka sovurdi. Uylar, bizneslar vayron bo’ldi.
"Hammasi yo’q bo’ldi, kul bo’ldi. Boradigan uyim ham yo’q endi. Shahar ham ketdi. Elektr quvvati yo’q, suv yo’q”, - deydi grinvillik Jek Romero.
“Diksi” nomini olgan yong’in 200 ming gektardan oshiq maydonga tarqaldi. 5 mingdan ziyod o’t o’chiruvchi bir oydan beri yonayotgan olov bilan olishmoqda.
Mahalliy jamoalar uysiz qolganlarga yordam beryapti.
"Go’zallik salonim bor edi. Kulga aylandi, uyim ham yo’q endi, ko’plarda shunday holat”, - deydi Marji Miker.
Gretsiyaning Eviya orolidagi yong’in sakkiz kundan beri davom etmoqda. Yuzaga kelgan shamol uni kuchaytirishi aytilmoqda. Hukumat mamlakatning ikkinchi yirik orolida uysiz qolganlarga yordam ko’rsatishga kirishmoqda. Mahalliy aholining bir qismi o’t ochirish ishlarida yordam bermoqda.
Bosh vazir Kiriakos Mitsotakis yong’inga o’z vaqtida barham bera olmagani uchun aholidan uzr so’radi.
Hukumat Eviya va poytaxt Afina tevaragidagi Attika rayonida favqulodda yordam uchun 586 million dollar ajratishga qaror qildi.
Jami mamlakat bo’ylab 500 dan ortiq yong’in qayd etilgan. Yevropa mamlakatlari yordam tariqasida Gretsiyaga mingga yaqin o’t o’chiruvchi, 9 ta samolyot, 200 ta avtomobil yuborgan.
Jazoirning tog’li hududlarida ham o’rmonlar yonmoqda. 6 odamning o’lgani ma’lum. O’t o’chiruvchilar, vertolyotlar alangani o’chirishga urinmoqda. Yong’inga yaqin joyda yashovchi odamlar hududdan qochmoqda. Ichki ishlar vaziri Komil Blejudning aytishicha, yong’in tabiiy ofat emas, uning ortida jinoiy shaxslar turibdi.