Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoga kerakmi?

  • Amerika Ovozi

2023-yil o’z yakuniga yetarkan, bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun qiyin davr bo’ldi. Ukrainada davom etayotgan urush, Yaqin Sharqda avj olgan misli ko’rilmagan zo’ravonliklar, davlat to’ntarishlari, ochlik, iqlimdagi keskin salbiy o’zgarishlar tashkilotni shoshirib qo’ydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-dekabr, 2023-yil

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti so’nggi bir yil ichidagi mojarolarga tayyor bo’lmadi, ularni hal qilishga qurbi yetmadi. Xavfsizlik Kengashining yirik a’zolari o’rtasida mojarolarga guvohmiz. Ayniqsa mana shunday paytlarda BMT ojizdir”, - deydi Nyu-Yorkdagi Fordem universitetidan Anjali Dayal.

Kengashning besh doimiy a’zosi – Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va AQSh veto huquqidan foydalanib, tashkilotning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan qadam va choralariga to’siq qo’yishi mumkin.

Rossiya kengashda Ukrainaga doir rezolyutsiyalarni, AQSh esa Isroilni qoniqtirmaydigan rezolyutsiya loyihalariga veto qo’yib kelishdi.

“Xavfsizlik Kengashidagi kayfiyatni zaharli deb ta’riflash mumkin”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Richard Govan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik Kengashini Isroil-XAMAS urushida sulhga da’vat etishga majburlash uchun tashkilot nizomining kamdan-kam ishlatiladigan 99-moddasini qo’llab ham doimiy a’zolarni qaror qabul qilishga unday olmadi.

AQSh bosh kotib talabiga veto qo’ydi, Isroil esa uni iste’foga chaqirdi.

Tashkilot tinchlikparvar missiyasini ham uddalay olmadi. “Ko’k dubulg’alar” tinchlikparvar amaliyotlarining 75 yiligida Mali va Kongo Demokratik Respublikasi BMTdan askarlarini olib chiqishni talab qildi.

Mamlakatni barqarorlashtirish uchun xalqaro qo’shin yuborishni so’ragan Gaiti rahbariyati BMTga murojaat qilmagani ham tashkilot nufuziga ta’sir qildi.

Afrikada ham davlatlar mahalliy inqirozlarga barham berish uchun so’nggi paytlarda ko’proq mintaqaviy kuchlar yordamiga tayanmoqda.

Ba’zi kuzatuvchilar va siyosatchilar BMTning olti milliard dollarlik yillik byudjetga ega Tinchlik amaliyotlari idorasi faoliyatining samarasini savol ostiga qo’ymoqda.

Yaqinda Dubayda o’tgan xalqaro iqlim anjumanida kelishilgan bitimni BMT foydasiga yozib qo’ysa bo’ladi. Global isish darajasini nazorat qilish maqsadida delegatlar ilk bor qazib olinuvchi yoqilg’idan voz kechishga rozi bo’ldi.

Tabiiy ofatlar, mojarolar, boshqa turdagi global inqirozlar kuchayar ekan, ba’zilar BMTdan gumanitar yordam ko’rsatishda faollikni oshirishni so’ramoqda.

“Mojarolar yoki gumanitar inqirozlarga siyosiy yechimlarni topishda siyosiy iroda bo’lmagan paytda ham gumanitar sohada muhim ishlarni bajarishga talab hamon katta. Biroq bunga pul kerak, uni qo’llab-quvvatlash zarur”, - deydi Anjali Dayal.

Qator mamlakatlar yillar davomida nafaqat BMTni, balki Xavfsizlik Kengashini ham isloh qilishga chaqirib keladi.

“Sovuq urush paytida BMT uzoq muddatga falajlanib qoldi. Hozir ham inqirozga yuz tutayotgani tashkilot o’lganidan dalolat emas. Biroq BMT tizimlariga o’zgartirish kiritish haqida jiddiy o’ylab ko’rish kerak”, - deydi Richard Govan.

Tashkilotni qanday isloh qilish bobida hozircha hamfikrlik mavjud emas.