Uch haftadirki, Isroil G’azoga raketa yog’dirishda davom etmoqda. Falastinliklar orasida o’lganlar soni 600 dan oshgan. Aksariyati oddiy fuqarolar, ayollar va bolalar. Isroilda esa qurbonlar soni 30 ga yaqinlashgan. 22-iyul kuni Falastinning BMTdagi vakili Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, a’zo davlatlarni Isroil tajovuzini qoralashga chaqirdi. Isroil esa ixtilofda XAMASni ayblaydi.
G’azodagi kasalxonaga keltirilgan qurbonlar orasida to’qqiz yoshli qiz ham bor. Kamol Advan shifoxonasidagi doktorlar uning hayotini saqlab qola olmadi. Qizning otasi oila uxlab yotgan paytda Isroil bombasi uyga kelib tushganini aytadi.
“Bu yerda hech kimni ko’rmadik, otilayotgan raketalarga bizning aloqamiz yo’q. Bizning hudud tinch edi, Al-Manshiadan hech qanaqa raketa otilmagan”, - deydi u.
Ko’plab g’azoliklarning aytishicha, Isroil kuchlari XAMAS jangarilari mavjud bo’lmagan aholi hududlarini nishonga olmoqda.
“Bu yerda ofislar joylashgan. Asosan, biznes ofislari, huquqshunoslar va oddiy odamlar ishlaydigan joy. Ularning jangarilarga yoki isyonchilarga hech qanday aloqasi yo’q”, - deydi mahalliy fuqarolardan biri.
Isroil hukumati havo hujumlaridan oldin fuqarolarni ogohlantirishini aytadi.
Ammo ko’plab odamlarning boradigan joyi yo’q. G’azodagi cherkovlar mahalliy aholi uchun o’z eshiklarini ochib, vaqtinchalik boshpana vazifasini o’tamoqda.
“Isroil kuchlari uylarni, binolarni nishonga olyapti va odamlardan hududni tark etishni so’rayapti. Odamlar qayerga borardi? Maktablar, cherkovlarda yashirinishyapti”, - deydi ruhoniylardan biri.
O’tgan ikki hafta ichida o’ldirilgan falastinliklarning aksariyati oddiy fuqarolar, uchdan biri esa bolalar.
Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Xavfsizlik kengashini chora ko’rishga chaqirar ekan, o’lgan bolalarning suratini ko’rsatdi.
“Bular biz berayotgan qurbonlarning insoniy qiyofalari. Bular eng ko’p aziyat chekayotganlardan olingan namunalar. O’ldirilganlarning katta qismi bolalar. Lekin biz raqamlardan iborat emasmiz, biz insonlarmiz”, - dedi Falastin vakili.
Isroilning BMTdagi elchisi o’rinbosari Deyvid Roet esa G’azodagi barcha talofat uchun mas’uliyatni XAMAS zimmasiga yukladi.
“Falastindagi oddiy fuqarolar o’limi Isroilga raketa va terrorchilarni jo’natishda davom etish haqida XAMAS bergan qarorning oqibatidir. Ular o’z yetakchilari va terrorchilarni himoya qilish uchun fuqarolardan himoya sifatida foydalanmoqda”, - dedi Isroil rasmiysi.
Isroilda qurbonlar soni 30 ga yaqinlashdi va ularning aksariyati askarlardir. Isroil xalqaro aeroporti yaqiniga raketa tushishi oqibatida AQSh va Yevropa Ittifoqi Tel-Avivga uchadigan barcha reyslarni bekor qildi.
Tinchlik muzokaralarini jonlantirish uchun Yaqin Sharqqa safar qilgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun har ikki tomonni hujumlarni to’xtatishga chaqirmoqda.
“Urushni bas qilib, muloqotga o’ting. Ixtilofning asosiy sabablariga e’tibor qarating. Chunki olti oy yoki bir yil o’tib yana shu holatga qaytishni istamaymiz”, - dedi u.
Pan Gi Mun Qohirada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashdi. Ular Misr vositachiligida Isroil va XAMAS o’rtasida sulh tuzilishiga umid bog’lamoqda.