BMTning inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi qo'mitasida Shimoliy Koreyada inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat keskin tanqid qilingach, Pxenyan bunga javoban yadro sinovi o'tkazamiz, deya do'q-po'pisa qilmoqda.
Bu mamlakat Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qo'mitasida qabul qilingan rezolyutsiya bois hech kim endi Pxenyanni to'rtinchi yadro sinovidan qaytara olmaydi.
Qo'mita Shimoliy Koreya hukumatini insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, ishini Xalqaro jinoiy sudga oshirishni Xavfsizlik Kengashiga tavsiya etuvchi rezolyutsiya loyihasini ma'qullagan. Hujjat yuridik kuchga ega emas, shunchaki tavsiyanoma sifatida ko'riladi.
Hujjat mualliflari Yaponiya va Yevropa Ittifoqi bo'lib, ular da'voni fevral oyida BMTning tergov komissiyasi taqdim etgan xulosalarga asoslagan. Komissiyaga ko'ra, Shimoliy Koreya o'n yillab davomida fuqarolarini qatl etgan, qiynoqqa solgan, zo'rlagan, och tutgan.
Pxenyan rezolyutsiya xulosasi noxolis va tuhmatga to'la ekanini aytib, uni jiddiy siyosiy provokatsiya deb atagan. Shimoliy Koreya Qo'shma Shtatlarni uni dunyo oldida izza qilish va rahbariyatini to'ntarish harakatida aybladi.
BMT qo'mitasining rezolyutsiyasi endi Bosh Assambleya tomonidan tasdiqlanishi lozim. So'ng Xavfsizlik Kengashiga oshiriladi, ammo Xitoy va Rossiya hujjatga veto qo'yishi mumkin.
Janubiy Koreya Pxenyanning yadro sinovi o'tkazish do'q-po'pisasini jiddiy qabul qilmoqda.
"Agar Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyat tomon yadroviy do'q-po'pisalar qilib, vaziyatni og'irlashtirmoqchi bo'lsa, BMT Xavfsizlik Kengashining bunday sinovlarni taqiqlovchi rezolyutsiyasini buzgan bo'ladi. Bunga qarshi jiddiy chora ko'riladi", - deydi Janubiy Koreya vakili.
Pxenyan so'nggi bor yadro sinovini 2013-yil fevralida o'tkazgan.