Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyaning 3-sentabrda o’tkazgan yadro sinovi sabab bu mamlakatga yangi sanksiyalar joriy etdi. Yangi rezolyutsiya Pxenyanning neft va neft mahsulotlarini, gaz kondensati suyuqligini sotib olish hamda tekstil mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarini cheklaydi.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining Xavfsizlik Kengashida aytishicha, dunyo yadroviy Shimoliy Koreyani qabul qilmaydi.
“Sanksiyalarni kuchaytirish bizga huzur bag’ishlayotgani yo’q. Urush istamaymiz. Shimoliy Koreya rejimi qaytish chizig’idan hali o’tgani yo’q. Agar yadroviy dasturini to’xtatishga rozi bo’lsa, kelajagi farovon bo’ladi”, - dedi u.
Xeylining o’tgan hafta aytishicha, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un provokatsion harakatlari bilan urush keltirib chiqarmoqchi, Qo’shma Shtatlarning esa sabri tugab bormoqda.
Pxenyanning ogohlantirishicha, agar Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarni kengaytirsa, Amerika qattiq jazolanadi.