BMT rahbari Isroil va Falastinni zo'ravonliklarni to'xtatishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Ramallohda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan gaplashmoqda, 21-oktabr, 2015-yil

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Ramallohda bo'lib, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi. Tomonlar so'nggi paytda Isroilda oddiy falastinliklar tomonidan yahudiylarga qilinayotgan hujumlarni to'xtatish haqida gaplashgan. Pan Gi Mun kecha Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ham shu haqda muloqot qilgan.

Uning aytishicha, hududda diniy mojaroning avj olish ehtimoli bor.

"Bu ishda yolg'iz xavfsizlik kuchlarining qo'llanilishi teskari natijaga yetaklashi mumkin. Vaziyatni yumshatishga qaratilgan choralarni ko'rish kerak", - deydi BMT rahbari.

Isroil politsiyasi va harbiylari falastinliklarga haddan tashqari zulm qilayotganlikda ayblanmoqda. So'nggi bir necha kunda roy bergan zo'ravonliklarda sakkiz yahudiy va 40 dan ziyod arab o'lgan.

Abbos Sharqiy Quddusni bo'lajak Falastin davlatining poytaxti sifatida ko'radi va Isroilni shahardagi Al-Aqsa masjidiga kirishga to'sqinlik qilayotganlikda ayblab keladi.

"Odamlarimiz Isroil istilosi ostida chidab bo'lmas sharoitlarda yashamoqda. Noqonuniy posyolkalar qurilib, yahudiy aholi o'zini agressiv tutmoqda. Yoshlarimiz xunob, tushkunlikka tushgan, xalqaro sahnalarda qabul qilingan hujjatlarga amal qilinmayapti, Isroil hukumatining o'jarligi tufayli", - deydi Abbos.

Netanyaxu ayblovlarni inkor etib, o'z navbatida zo'ravonlikka falastinliklar aybdor deb keladi.

"Bir necha kun oldin Prezident Abbos Quddusda to'kilgan har bir tomchi qonni olqishlashini aytgan. U isroilliklarga qarshi uyushtirilgan 30 hujumdan birortasini qoralamadi va terrorchilarni qahramon sifatida ko'kka ko'tarmoqda", - dedi Netanyaxu BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan suhbat chog'ida.

O'rtadagi kelishuvga ko'ra, Al-Aqsa masjidini musulmonlar diniy idoralari boshqaradi. Yahudiylar ham bu joyni muqaddas deb biladi va u yerni ziyorat qilishi mumkin, biroq masjidda ibodat qilishi taqiqlangan.

Netanyaxu kansler Angela Merkel bilan shu haqda gaplashish uchun Germaniyaga yo'l oldi. Payshanba kuni u Berlinda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas'ul rasmiysi Frederika Mogerini bilan ko'rishadi.

Kerri Isroildagi so'nggi voqealarni izohlar ekan, masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini aytadi.

"Bu borada Amerikaning o'ziga xos roli bor. Har bir tomon bilan uchrashib, ularni muzokara yo'liga qaytarishga umidim bor. Isroil-Falastin mojarosi siyosiy yechimsiz hal bo'lmasligini hamma tushunadi. Bir-biri bilan tinchlikda yashovchi ikki davlat bo'lishi lozim", - deydi Amerika davlat kotibi.

Kerri Falastin prezidenti bilan ham uchrashadi.