BMTning Qochqinlar bo’yicha boshqarmasi ma’lumotiga ko’ra, dunyoda 70 million odam ixtilof, qashshoqlik, ta’qiblar natijasida uy-joyini tashlab qochgan, 25 millioni xorijga. Eng ko’p qochqinlar Turkiyada joylashgan – 3,5 million. Jenevada BMT agentligining Global qochqinlar forumi o’tmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Prezident Erdog’an anjumanga kelayotganidan xursandmiz. Uning bu ishga bosh-qosh bo’lgani juda muhim”, - deydi agentlik vakili Gillian Triggs.
Suriya urushi hovuridan tushishi ketidan ko’plab suriyalik qochqinlar vataniga qaytmoqda.
"O’n minglab ko’chirilgan odamlar hayotini qaytadan boshlash uchun, mulkini qaytarib olish uchun, ta’lim bilan bog’liq imkoniyatlar qanday ekanini ko’rish uchun xavfsiz bo’lgan joylarga qaytmoqda”, - deydi BMT rasmiysi.
Sakkiz yillik urush 13 million suriyalikni uysiz qoldirdi. Afg’onistonda esa 40 yillik mojaro yuz minglab odamlarni sarson qildi.
“Ba’zi odamlar tuzukroq iqtisodiy imkoniyatlar qidirib mamlakatni tark etmoqda. Boshqalar esa zo’ravonliklardan qochyapti”, - deydi BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissari Filippo Grandi.
Qochqinlar va migrantlarni katta miqdorda qabul qilgan Turkiya, Iordaniya, Livan, Pokiston, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ayrim millatchi guruhlar hukumatlardan qochqinlarni chiqarib yuborishni talab qilmoqda. Migratsiya Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish qaroriga bir sabab bo’ldi. AQSh ma’muriyati migrantlar oqimini to’xtatishga harakat qilmoqda.
BMT Oliy komissariga ko’ra, bunday masalalarni xalqaro miqyosda hal qilish kerak.
“AQSh hukumatiga bu masalada ko’mak berishga tayyormiz”, - deydi u.
BMT anjumanida davlat rahbarlari, turli vazirliklardan rasmiylar qatnashmoqda. Jami 3000 ga yaqin delegat. Suriya, Afg’oniston, Myanma, Janubiy Sudan, Venesuelada millionlab odamlarni o’z yurtini tashlab chiqishga majbur qilgan muammolar muhokama etilmoqda.