Savdo va taraqqiyot bo’yicha BMT konferensiyasi ma’lumotiga ko’ra, Falastinning bosqin ostidagi hududlari so’nggi olti yilda ilk bor turg’unlikni boshdan kechirmoqda. Yangi hisobotda aytilishicha, agar iqtisodiy vaziyat hozirgidek davom etsa, besh yildan keyin G’azoda umuman yashab bo’lmay qoladi.
Your browser doesn’t support HTML5
BMT hisoboti G’azoda ahvol borgan sari og’irlashayotganidan ogohlantiradi. Unda yozilishicha, sharoit 1967-yil ilk bor Isroil bosib olgan davrga qaraganda hozir yomonroq.
BMTning Falastin xalqiga yordam dasturi boshqaruvchisi Mahmud Elhafifning aytishicha, Falastin iqtisodiyoti qisqarishga yuz tutgan.
“Iqtisodiyot qariyb yarim foizga kamaygan. Natijada ishsizlik sezilarli darajada oshgan. Bosqindagi Falastin hududida o’tgan yili ishsizlik 30 foiz edi. G’azoda esa vaziyat undanda ayanchli ahvolda, ishsizlik 44 foiz bo’lgan”, - deydi u.
Ishsizlik, ayniqsa, yosh ayollar orasida yuqori ekani aytiladi. Ularning 80 foizdan ziyodi hech qayerda ishlamaydi. Oilalarning 72 foizi doimiy oziq-ovqatga ega emas; oxirgi 15 yilda BMTning oziq-ovat dasturidan yordam oladiganlar soni 72 mingdan qariyb bir millionga yetgan.
BMTning ogohlantirishicha, agar iqtisodiyot yaxshilanmasa, 2020-yilga borib G’azoda yashash imkonsiz bo’lib qoladi. Bu yerda sakkiz yildan beri davom etayotgan Isroil blokadasi hamda oxirgi olti yilda uch bor yuz bergan urush G’azoning ishlab chiqarish salohiyatini vayron qilgan.
Shuningdek, deydi Elhafif, Isroil shu yilning dastlabki to’rt oyida falastinliklar nomidan qariyb 700 million dollar soliq to’plagan va bu puldan Falastin hukumatiga bosim o’tkazish quroli sifatida foydalanmoqda.
“Bu Falastinda davlat daromadining 75 foizini tashkil qiladi. U bilan xarajatlarning 50 foizini qamrab olish mumkin. Falastinliklar maoshini to’lashga ham yetadigan mablag’”, - deydi BMT vakili.
Hisobotda G’azo uchun xalqaro yordamning muhim ekani, ammo u iqtisodiy turg’unlikni to’xtata olmasligi qayd etiladi.
O’tgan yili Misrdagi anjumanda xalqaro hamjamiyat G’azoni qayta qurish uchun besh milliard dollar ajratishga kelishgan edi. Shu paytgacha mablag’ning faqat 27 foizi jamg’arilgan, xolos.