BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi virtual shaklda o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT qarorgohi

Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yillik sessiyasi boshlandi. Koronavirus pandemiyasi sabab davlat rahbarlarining ma’ruzalari virtual shaklda bo’ladi. Yilning bu paytida odatdagidan gavjum, tirband, xavfsizlik choralari kuchli Nyu-York shahrida bu gal vaziyat boshqacha.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 16-sentabr, 2020-yil

“Bu yili ma’ruzachilar bayonotlari video orqali Bosh Assambleyaning katta zalidagi ekranda uzatiladi. Koronavirus tufayli har bir a’zo mamlakatdan bittadan rasmiy bo’ladi, xolos”, - deydi bosh assambleyaning aloqa bo’limi rahbari Brendan Varma.

BMT rasmiysiga ko’ra, tadbirning onlayn shaklda o’tayotgani sabab ko’proq davlat rahbarlari unda qatnashish istagini bildirgan.

“Bu yili salkam 120 mamlakat rahbari, 54 hukumat rahbari, jumladan bosh vazirlar, video orqali murojaat qiladi. Oldingi sessiyalarda 70-80 ga yaqin davlat rahbarlari qatnashar edi”, - deydi Varma.

BMT qarorgohiga yaqin mahallalarda yashovchi nyu-yorkliklar xorijiy mehmonlarning bu yili yo’qligiga turlicha munosabat bildirmoqda.

“So’nggi besh yildan beri shu yaqin atrofda turaman. Kechalari xavflidek tuyuladi. BMT majlisi bo’lmayotganidan xursandman”, - deydi bir ayol.

“Bu juda katta tadbir. Dunyo aholisi hayotini yaxshilash uchun har xil mamlakatlardan kelgan odamlarni ko’rish odatda zavq bag’ishlaydi. Ularning bu gal bo’lmasligi kichik bizneslarga ziyondir”, - deydi boshqa bir odam.

Pandemiya munosabati bilan Nyu-Yorkda ijtimoiy cheklovlar joriy etilgan. Shahar iqtisodiyotini tiklashga yillar ketadi, deydi mutaxassislar. Yaqinda o’tkazilgan bir so’rovdan ma’lum bo’lishicha, iqtisodiy faolsizlik sabab shahardagi kichik bizneslarning uchdan biri yoki 77 ming ish beruvchi faoliyatini to’xtatishi mumkin.

“BMT binosi keyingi mavzeda. Odatda bu yerga nonushta, tushlik, kechki ovqat uchun yuzlab odam keladi. Pandemiya qattiq ta’sir qildi”, - deydi bir restoran egasi.

BMT tadbirining virtual shaklda o’tayotgani ayrim shaharliklarga manzur.

“Yo’llar yopilmaydi, tirbandlik kuzatilmaydi”, - deydi bir ayol.

Biroq ayrimlar nazarida, bu koronavirus hanuz yengilmaganidan dalolatdir.