BMTning qochqinlar bo'yicha oliy komissari Antonio Guterres jahonda nizo va tazyiqlardan qochib darbadar yurgan insonlar soni tobora oshib borayotgani haqida ogohlantirdi. Gumanitar tashkilotlar yordam berishga ojiz, chunki mablag' yetmayapti. Komissar qochqinlarga doir xalqaro anjumanni ochayotib, umubashariy bu muammo yechimi uchun ko'proq moliya ajratishni iltimos qildi.
Urush va adovat sababli vatanidan shilinib chiqib, qochishga majbur o'n minglab insonlar... Dilni qon qiladigan tasvirlar...
Antonio Gutteres 2005-yilda BMTning qochqinlar bo'yicha oliy komissari lavozimiga o'tirganida dunyoda 38 million odam sargardon edi. Bugun, oradan 10 yil o'tib, qochqinlar, boshpana so'rayotganlar va vatanida sarson insonlar soni 60 milliondan ziyod.
O'tgan besh yilda, BMTning hisoblashicha, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo va boshqa nuqtalarda naq 15 ta yangi nizo boshlangan. Bu davr mobaynida mojarolar bois uyini tashlab qochganlar kuniga to'rt karra oshgan.
Guteres Suriyada besh yildan buyon davom etayotgan urushga, bu davlatdan Yevropaga qochayotgan insonlarga befarq qarash insofdan emas, deya eslatdi. Yevropa Ikkinchi jahon urushidan beri eng yirik qochqinlar oqimi bilan ro'para kelmoqda.
BMT mutasaddisi Yevropa bugun tanazzul yechimidan bo'yin tovlayotganini tanqid qilmoqda. Holbuki, 1956-yil Vengriyada sovetlarga qarshi inqilobni eslang, deydi Guterres. O'shanda Avstriya va Yugoslaviyaga bosh urib kelgan 200 ming vengrga qandayin tezkorlik bilan madad berilgan edi.
"Yevropa insoniyat tarixidagi eng qonli urushdan endi o'ziga kelayotgan edi. O'shanda qila olgan ishni, Yevropa bugun ham bajarishi mumkin. Yanvardan beri Yevropa sohillariga yarim million qochqin yetib keldi. 500 million aholisi bor qit'aga 5 ming qochqin va muhojir kirib kelayotgani, albatta, salmoqli raqam. Lekin ishlar to'g'ri yo'lga qo'yilsa, qochqinlar oqimini eplash mumkin", - deb hisoblaydi Guterres.
BMT mulozimi Yevropadagi qochqinlar tanazzuli faqat bir misol ekanini eslatadi. O'tgan bir yilning o'zida Janubiy Sudan, Yaman, Markaziy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Ukraina va Afg'onistondan million kishi bosh olib ketgan yoki vatanida darbadar.
Guteresning aytishicha, BMTning qochqinlar bo'yicha idorasi va boshqa gumanitar tashkilotlar dunyodagi 82 million qochqin va muhojir uchun zarur moliyadan qariyb yarmini jamg'ara olgan, xolos. Gumanitar tizim ishdan chiqqan emas, deya uqtiradi u. Lekin moliyaga muhtoj va zudlik bilan qayta ishga tushishi kerak.