Xavfsizlik Kengashi majlisida Eron, Suriya, Rossiya, Yaman, Isroil, Falastin haqida gap ketdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronni Yaqin Sharq xavfsizligi va barqarorligiga eng katta tahdid deb atadi. Pompeo bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashida so’zladi. Uning aytishicha, eski muammolarni hal qilish uchun yangicha g’oyalardan foydalanish kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-avgust, 2019-yil

Ayrim mamlakatlar vakillari kengash majlisida AQSh va boshqa yirik davlatlarni mintaqadagi ziddiyatlarni g’araz maqsadlarda kuchaytirayotganlikda aybladi.

BMT Xavfsizlik Kengashining 20-avgustda o’tgan majlisida Eron yadro tahdidi, Suriya va Yamandagi vayronali urushlar, Isroil va Falastin o’rtasida keti ko’rinmayotgan ixtilof, Yaqin Sharqdagi iqtisodiy tengsizlik kabi mavzular muhokama qilindi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Eron yadro dasturi va uning Ho’rmuz bo’g’ozidagi harakatlari dunyo tinchligiga xavf solmoqda; Iroq, Livan, Suriya va Yaman siyosatlariga aralashuvi esa mintaqada ayanchli gumanitar oqibatlarga yetaklamoqda.

“Yaqin Sharqda Halabdan Adengacha, Tripolidan Tehrongacha har qachongidan kattaroq hamkorlikka ehtiyoj bor. Eski muammolarni hal qilish uchun yangicha fikrlashimiz kerak”, - dedi u.

Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar va Polsha xavfsizlik va boshqa muammolarni “Varshava jarayoni” tinchlik tashabbusi doirasida muhokama qilish uchun yettita ishchi guruh tuzgan.

Rossiya bunday harakatni bir tomonlama va nodiplomatik deb jarayonni tanqid qildi.

“Eronni muzokara stoliga o’tirish da’vatlari bilan bir paytda uni bevosita haqorat qilish, unga nisbatan kamsituvchi sanksiyalar qo’llash va provokatsiyalar uyushtirishdek bir vaziyat bizni qoniqtirmaydi”, - dedi Rossiyaning BMTdagi elchisi o’rinbosari Dmitriy Polyanskiy.

Unga ko’ra, AQShning Eronga qarshi sanksiyalari xalqaro qonunchilikka zid bo’lib, mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar ko’rsatgan. Amerikaning agressiv harakatlari, jumladan haqoratlari va ultimatumlari mintaqadagi beqarorlikka hissa qo’shmoqda, dedi Polyanskiy.

Germaniya vakili Andreas Mikaelisning aytishicha, bir tomonlama harakatlarning kuchaygani Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarning oshishiga olib kelmoqda. Diplomat xalqaro harakatlarni muvofiqlashtirishga chaqirib, regional rahbarlarni o’z xalqi huquqlarini hurmat qilishga da’vat etdi.

“Mintaqadagi har bir davlat siyosiy muhitini mustaqil ravishda shunday yaratishi kerakki, unda odamlar ta’qiblar va qiynoqqa solishlardan, ochlikdan va zo’ravonliklardan qo’rqmasdan, xavfsizlikda, erkinlikda va qadri to’kilmay yashay olishi kerak”, - dedi Mixaelis.

Boshqa davlatlar vakillari ham majlisda so’zlab, barcha taraflarni xalqaro bitimlar va BMT qarorlarini hurmat qilishga, ayrimlari Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat formatida hal qilishga chaqirdi.

Diplomatlarga ko’ra, davlatlar beqaror hududlarda iqtisodiy taraqqiyotga yordam berishi, ta’lim tizimini yaxshilashga, ayollar va yoshlar uchun ish imkoniyatlarini yaratishga hissa qo’shishi kerak.