AQShda aholi soni 7,4 foizga ko'paygan

  • Amerika Ovozi

2020-yilda aholini ro’yxatga olish natijasida AQSh aholisi 331 million odamga yetgani ma’lum bo’ldi. Aholini ro’yxatga olish byurosi rahbari Ron Jarmin bugun hisob natijalarini e’lon qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-aprel, 2021-yil

Undan ma’lum bo’lishicha, so’nggi 10 yilda amerikaliklar 7,4 foizga ko’paygan. Bu 1930-yillardan beri eng past ko’rsatkich.

Shtatlarda aholi sonining o’zgarishiga qarab ularning Kongressdagi vakillari soni ham o’zgarib boradi. Natijada asosan respublikachilarga ovoz beruvchi Texas va Floridadan quyi palatada vakillar soni oshadi, demokratlarga ovoz beruvchi Nyu-York va Kaliforniyaning esa siyosiy ta’siri susayadi.

Amerikaning aholisi eng ko’p shtati Kaliforniya – unda 39,5 million odam yashaydi. Eng kichik shtat – 600 ming kishilik Vayomingdir.

“Aholini ro’yxatga olishdan maqsad - Kongressdagi o’rinlarni taqsimlash”, - deydi Jarmin.

Vakillar palatasida 435 ta qonunchi o’tiradi. Aholisi 29 millionga yaqinlashayotgan va palatada 36 vakilga ega Texasga yana ikkita vakil qo’shiladi. Floridaning Kongressdagi mandati esa bir vakilga ko’payadi. Kolorado, Montana, Shimoliy Karolina va Oregon shtatlarida ham aholi soni ko’paygani bois Kongressdagi vakillari ham shunga mos ravishda oshadi.

53 vakilga ega demokratik Kaliforniya esa bir vakilidan ayriladi. Yuqori texnologiyalar bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar makoni bo’lgan bu shtatdan shirkatlar Texasga ko’chib o’tmoqda. Jumladan “Oracle” va “Tesla”.

Nyu-Yorkda ham aholi soni kamaygan. Vakillar palatasida 22 ta vakildan 21 ta qoladi. Illinoys, Michigan, Ogayo, Pensilvaniya va G’arbiy Virjiniyada ham yo’qotishlar kuzatiladi.