Saylov arafasida Afg'onistonda xavfsizlik asosiy masala

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

14-iyun, shanba kuni Afg’onistonda prezidentlik saylovining navbatdagi bosqichi bo’lib o’tadi. Mamlakatda ilk bor hokimiyat tinch va demokratik yo’l bilan almashishi kutilmoqda. Ammo saylovlar Tolibonning hujumlarni oshirish haqidagi tahdidlari kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda.
Tolibon tahdidlari kuchayganiga qaramay, aholi orasida saylovga bo’lgan ishonch yuqori. Birinchi bosqichda jami ovozlarning 45 foizini jamlagan Abdulla Abdulla g’oliblikka asosiy da’vogar sifatida ko’rilmoqda.

Abdullaning kelib chiqishi tojik va pushtu millatiga mansub. Afg’onistonda esa hokimiyat, asosan, aholining eng katta qismi bo’lgan pushtular qo’lida.

Abdullaning raqibi Jahon bankining sobiq rasmiysi Ashraf G’ani. U birinchi bosqichda 32 foiz ovoz to’plagan. G’ani pushtu millatiga mansub bo’lib, sharqiy Afg’onistonda kuchli tarafdorlarga ega.

Har ikki nomzod saylov kampaniyasini faol olib bordi. Ular oldidagi eng katta muammo bu xavfsizlik masalasi.

Yaqinda Abdulla bir suiqasddan omon qoldi. Agar shu kabi xurujlarda nomzodlardan biri vafot esa, konstitutsiyaga ko’ra, saylovlar qayta o’tkazilishi kerak.

“G’olib nomi ma’lum bo’lmaguncha bir narsa deyish qiyin. Chunki nomzodlardan birining joniga qasd qilinsa, butun jarayon qaytadan boshlanishi kerak bo’ladi”, - deydi tahlilchi Kristina Feyr.

Navbatdagi bosqichda ko’pchilik ovozini olgan nomzod ikkinchi muddatini yakunlayotgan prezident Hamid Karzay o’rnini egallaydi.

Saylov xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etayotgan muhim bir davrda bo’lib o’tmoqda.

Karzay AQSh bilan tuzilgan xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortdi. Prezidentlikka da’vogar har ikki nomzod esa uni imzolashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

“Bu narsa mavhumlik emas, aniqlik va xavfsizlik kafolatini yaratishga yordam beradi”, - deydi Abdulla Abdulla.

Hamid Karzay Afg’onistonda yuz berayotgan qonli xurujlarda Pokistonni jangarilarga yordam berayotganlikda ayblaydi.

Tahlilchilarga ko’ra, yangi prezident Islomobod bilan aloqalarni yaxshilash yo’lidan borishi mumkin.

“Maqsadimiz xuddi II Jahon urushidan so’ng Fransiya va Germaniya o’rtasida bo’lgani kabi, Afg’oniston va Pokiston o’rtasida yaqin munosabatlar o’rnatish”, - deydi Ashraf G’ani.

Kuzatuvchilarga ko’ra, hukumat va Tolibon o’rtasida ham muzokaralar davom etishi kerak. Kristina Feyr ham shunday fikrda.

“Agar bu saylov bo’lib o’tsa va Tolibon muzokaralar stoliga qaytarilmasa, mavjud tinchlik uzoqqa cho’zilishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi u.

Ayni paytda Afg’onistonda 30 ming AQSh askari bor. Urushda shu kungacha 2200 amerikalik halok bo’lgan.