AQSh harbiylari Afg’onistonni tark etgani bilan, deydi Amerika rasmiylari, bu mamlakatdagi ayollar huquqlarini himoya qilishning diplomatik va iqtisodiy yo’llari ham bor.
Your browser doesn’t support HTML5
Hirot shahrida bir guruh ayollar huquqlarini e’zozlashni hamda iqtisodiyotni yaxshilashni talab qilib ko’chaga chiqdi. Asosan tashqi yordamga tobe Afg’onistonda Tolibon iqtisodiy muammolarni hal qila oladimi?
Xorijdan moliyaviy yordam olish uchun yangi hukumat xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi kerak.
“Vazirliklarimizdagi hech bir rahbar Tolibon haqida ijobiy fikrda emas. Shu sababdan ularni tan olishga shoshilmayapmiz. Oldin kuzatamiz. Bosim qo’yish uchun imkoniyatlarimiz talaygina, jumladan xalqaro bozor orqali”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.
AQSh Afg’onistonda aeroportlar faoliyatini tiklab, oddiy xalqqa gumanitar yordam yetkazmoqchi. Davlat departamentiga ko’ra, AQShning Afg’onistonga yordami qayta ko’rilmoqda va bu yangi hukumat qanday bo’lishiga bog’liq.
“Turli xildagi yordamni ko’rsatishdan oldin Afg’onistonda yangi hukumat siyosatiga e’tibor beramiz, xususan, inson huquqlari, jumladan ayollar, qizlar va ozchilikdagi guruhlar huquqlarini himoya qilishga, odamlarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga, barcha siyosiy kuchlarni o’z ichiga olgan, terrorizmga qarshi kurashish va’dasida turadigan hamda xalqaro qoidalarga amal qiladigan hukumat bo’lishiga kelganda”, - deydi departament matbuot kotibi Ned Prays.
Pentagonning ma’lum qilishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonning shimoldagi Panjsher viloyatida Tolibonga qarshi kurashayotgan harakat a’zolariga yordam berayotgani yo’q.
“AQShning Afg’onistondagi harbiy missiyasi tugagan”, - dedi Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Ayni damda AQShning Germaniyadagi harbiy bazasida evakuatsiya qilingan afg’onlar Amerikaga yo’l olishdan oldin ko’rik va tekshiruvdan o’tmoqda.
“Har kuni 500-600 odamning hujjatini rasmiylashtiryapmiz. Yaqin orada kuniga 2500 dan 3000 gacha odamni Amerikaga yuboramiz”, - dedi AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo’mondonligi rahbari general Tod Uolters.
Shu kungacha 124 ming odam evakuatsiya qilingani ma’lum, biroq yana minglab kishi Afg’onistonda qolib ketdi.