Afg'onistondan evakuatsiya yakunlandi

  • Amerika Ovozi

Evakuatsiya ishlari

Afg’onistondan evakuatsiya qilishning oxirgi kuni 31-avgust deb belgilanganiga qaramay, AQSh Prezidenti Jo Bayden, zarur bo’lsa, jarayon bundan keyin ham davom ettirilishini ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 30-avgust, 2021-yil

Tolibon fuqarolarga xorijga chiqish man qilinmasligini aytgan. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko’ra, Tolibon siyosati xalqaro hamjamiyat nazoratida bo’ladi.

“114 davlat Tolibondan 31-avgustdan keyin sayohat qilish erkinligiga ruxsat berishini kutmoqda”, - dedi u.

Yakshanba kuni Prezident Bayden o’tgan hafta Kobuldagi xurujda halok bo’lgan 13 amerikalik harbiyni xotirladi. Xurujda kamida 169 afg’on ham nobud bo’lgan.

Iyul oxiridan beri 120 ming odam Afg’onistondan evakuatsiya qilindi. Bayden tanqidchilariga ko’ra, davlat rahbari ko’p xatolarga yo’l qo’ydi.

“Bayden afg’on muammosini keyingi prezidentlarga qoldirmoqchi emasligini aytgan edi. Ammo u buning teskarisini qildi. Kelasi 20 yil davomida Amerika prezidentlari bu ofat bilan shug’ullanishiga to’g’ri keladi”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.

AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivanning aytishicha, razvedka hisobotlarida Afg’onistondagi terrorchilarning hozirda xorijda hujum qilish salohiyati yo’qligi aytilgan, biroq bunday salohiyat paydo bo’lishi mumkinligi haqida xavotir bildirilgan.

“Terrorizm tahdidini, jumladan oz sonli odamlar bilan mamlakat tashqarisida xurujlarni uyushtirish tahdidini bostira olishimizni ko’plab davlatlarda namoyish etganmiz”, - dedi Oq uy maslahatchisi.

Davlat kotibining aytishicha, AQSh Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatadi, biroq u yerda diplomatik vakolatxonasi bo’lmaydi.

“Tolibon siyosatni qanday yuritishini, xavfsizlik bilan bog’liq avolni kelasi bir necha hafta va oy kuzatamiz”, - dedi Blinken.

Toshkentga tashrif buyurgan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning aytishicha, O’zbekiston hukumati Germaniya ro’yxatida bo’lgan odamlar uchun Afg’oniston bilan chegarasini ochishga rozi bo’lgan. Rasmiy Berlin ro’yxatida o’n minglab odam bor. Bular Germaniya fuqarolari hamda Tolibon tomonidan jazolanishi mumkin bo’lgan afg’onlar. Masalan, inson huquqlari faollari va jurnalistlar.

Maas Turkiya, Tojikiston, Pokiston va Qatar bo’ylab ham safar qilmoqda. Bu mamlakatlar NATO qo’shinlari chiqqanidan so’ng evakuatsiyaga yordam berishi mumkin.

AQSh davlat kotibiga ko’ra, ayni paytda xavfli missiyaning eng xavfli pallasi kuzatilmoqda.

Yakshanba kuni AQSh harbiylari Kobul aeroportini nishonga olishni rejalagan suiqasd bombachiga tegishli mashinani dron yordamida yo’q qildi. Bundan oldin ham AQSh “Islomiy davlat” guruhini havodan urdi.

Bugun esa Kobul aeroportiga otilgan beshta raketa AQSh havo mudofaasi tizimi tomonidan otib tushirilgan. Yana bir nechtasi shaharning turli chekkalariga tushgan. Raketalar bir mashinadan otilgani aytiladi.

Aeroportni AQShning 4000 dan kam askari qo’riqlamoqda. Evakuatsiyaga umid qilgan o’n minglab odamning taqdiri yana ikki kundan so’ng nima bo’lishi ma’lum emas.

Ayrim xabarlarga ko’ra, AQShning dron hujumida bir oilaning 9 a’zosi, jumladan 6 bola nobud bo’lgan. Mahalliy aholi amaliyotni tanqid qilmoqda, biroq AQSh harbiylariga ko’ra, odamlar dron hujumidan emas, dron nishonida bo’lgan mashinaga joylangan bombalar portlashidan o’lgan.

Bu o’rtada Tolibon banklarga ishini jonlantirishni buyurib, omonat hisoblaridan pul olish miqdorini 233 dollargacha cheklab qo’ydi.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, Sog’liqni saqlash vazirligi, Markaziy Bank kabi muhim davlat muassasalariga yangi rahbarlar tayinlangan, yaqin o’rtada ko’plab muammolar hal qilina boshlaydi.

Afg’onistonda un, yog’, guruch kabi mahsulotlarga narxlar ko’tarilmoqda.