AQSh Tolibon bilan bitim imzolaganidan 24 soat o’tmay uning ijrosi oqsay boshladi. Afg’oniston hukumatiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar rasmiy Kobul bilan maslahatlashmay ba’zi va’dalarni Tolibonga bergan.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’anining aytishicha, mahbuslarni ozod qilish AQSh vakolatida emas, bu Afg’oniston hukumati qo’lida va AQSh Kobul bilan bu haqda kelishmagan. Mahbuslar taqdiri Tolibon bilan muzokaralarda muhokama etilishi kerak, dedi u.
Tolibon Afg’onistondagi turli guruhlardan iborat delegatsiya bilan muzokara boshlashdan oldin qamoqdagi minglab toliblarni ozod etishni talab qilgan edi. AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, bu muzokaralar 10-martda boshlanishi kerak. Tolibon AQSh Afg’oniston hukumati bilan kelishsin, deydi.
“5000 mahbus masalasini amerikaliklar bilan kelishganmiz. Ular mahbuslarni ichki muzokaralar boshlanmasidan oldin ozod etishni va’da qilishgan. Biz uchun masala hal bo’lgan”, - deydi Tolibon muzokarachilari jamoasi a’zosi Xayrulla Xayrxva.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, kelishuvni amalga oshirish oson bo’lmasligi ma’lum edi. Shunga qaramay, Pompeo bitimni tarixiy deb atadi. Mahbuslar masalasi kelishuvni yo’qqa chiqarmaydi, biroq uning ijrosini kechiktirishi mumkin, deydi rasmiylar.