Tillerson Afg'onistonda tinchlik muloqotini boshlash tarafdori

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp ma'muriyati 16 yillik urush ortidan Afg'onistonda hanuz AQSh askarlarini qoldirish niyatida, ammo mojaroni tugatish uchun tinchlik muloqotini boshlashga ham e'tibor qaratmoqda.

AQSh eng uzoq davom etgan Afg'oniston urushini qanday tugatish haqida o'ylanar ekan, zo'ravonliklarning keti uzilmayapti.

Davlat kotibi Reks Tillerson harbiy choralar tarafdori emas, aksincha, Kobul va Tolibon o'rtasida muloqotni boshlash kerak, degan fikrda.

"Ko'plab davlatlarda kuzatilganidek, oxir-oqibat harbiy choralar yoki harbiy strategiya tinchlik olib kelmaydi. Bu yechimning bir qismi. Uzoq muddatda esa siz har ikki tomonni muzokara stoliga olib kelib, kelajakni birgalikda muhokama qilishingiz kerak", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert.

Prezident Trampdan Afg'onistonga qo'shimcha askarlar yuboriladimi, deb so'ralganda, u "Ko'ramiz", deya javob qaytardi.

Ayrim tahlilchilarning ogohlantirishicha, xavfsizlikni diplomatiyadan ustun ko'rishning oqibatlari xatarli. Ularga ko'ra, Vashington Kobul yuzlashib turgan ko'plab muammolarni ham hisobga oluvchi keng qamrovli strategiya ishlab chiqishi kerak.

"Diplomatik strategiya haqida, xususan, muammolarga botib qolgan afg'on hukumati bilan qanday ishlash haqida o'ylashimiz kerak. Katta inqiroz shu", - deydi tadqiqotchi Maykl Kugelmen.

Afg'oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay "Amerika Ovozi" bilan suhbatda AQShning urushni kuchaytirishga qaratilgan bayonotini qoralagan edi. Unga ko'ra, Vashington mintaqada tinchlik va o'zaro hamkorlikni targ'ib qilishi kerak.

Afg'onistonning boy tabiiy zaxiralari uchun AQSh mamlakatda uzoqroq qolishi mumkin, degan qarashga izoh berarkan, Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert xulosa qilishga hali erta ekanini aytdi.