Abdulla Abdulla xalqaro hamjamiyatdan Afg’oniston taqdiriga qo’l siltamaslikni so’ramoqda

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston hukumati raisi Abdulla Abdulla

Afg’oniston hukumati raisi Abdulla Abdulla Qo’shma Shtatlar va dunyo hamjamiyatidan Afg’oniston taqdiriga qo’l siltamaslikni so’ramoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 24-yanvar, 2019-yil

Amerika Prezidenti Donald Tramp Afg’onistondagi 17 yillik harbiy kampaniyadan bezor bo’lganini, qo’shinlarning katta qismini chiqarish ustida o’ylanayotganini aytgan. Bu mamlakatda tinchlik qachon qaror topishi noma’lum. Tolibon jangari harakati mamlakat yarmini nazorat qiladi, qonli hujumlar odatiy holga aylangan.

Davosdagi Xalqaro iqtisodiy forumda so’zga chiqqan Abdulla Abdullaning aytishicha, jahon hamjamiyati uning mamlakatidan yuz o’girmasligi kerak.

“Afg’onistonga do’st va hamkor davlatlar tinchlik yo’lida qon to’kdi, ko’p pul sarfladi. Ularga “sabrli bo’ling” deyish, albatta, oson. Ammo harakatlari natijasiz qolayotgani yo’q. To’g’ri, 18 yilda ko’p xatolarga yo’l qo’yildi. Biroq afg’on xalqining bu xatolarda aybi yo’q”, - dedi Abdulla.

Prezident Trampning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi kampaniyasini susaytirishi, boshqa davlatlar esa qattiqroq harakat qilishi kerak.

“Nega Rossiya yo’q u yerda? Hindiston va Pokistonchi? Nega biz u yerdamiz, axir Afg’onistondan 10 ming kilometr naridamiz-ku?” dedi Tramp.

Tolibon AQSh maxsus vakili Zalmay Xalilzod bilan muzokara qilayotganini tan oldi. Muloqotdan qanday natija chiqishi hozircha mavhum. Afg’oniston ichki ishlar vazirining sobiq o’rinbosari Mirza Muhammad Yarmandning aytishicha, tomonlar jiddiy muzokaralardan oldin sulhga kelishib olishi zarur.

“Tinchlik yo’lida zulm va zo’ravonliklar so’nggi 40 yildan beri davom etmoqda. Xalq yana 40 yil jabr ko’rmasligi kerak. Muloqotga sulhsiz kirmaslik lozim”, - deydi u.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Prezident Tramp Afg’onistonda harakatlanayotgan 14 ming amerikalik harbiyning yarmini chiqarishni rejalamoqda.

Vashingtondagi “Brukings Instituti” tahlil markazi xodimi Madiha Afzalning aytishicha, agar bu rost bo’lsa, ustunlik muzokaralarda Tolibon tomonidadir.

“Tolibon Afg’oniston hukumati bilan muloqot boshlashdan oldin AQSh qo’shinlarini olib chiqsin, degan. Qo’shma Shtatlar Afg’onistondan chiqishiga ishora qilganidan so’ng toliblar savdolashish kuchiga ega bo’ldi”, - deydi tahlilchi.