AQSh armiyasi 6 yilga shartnoma tuzgan yuqori malakali rekrutlarga ilk bor mukofot pulini 50 ming dollargacha oshirdi. Ma’lum bo’lishicha, davom etayotgan pandemiya sabab qurolli kuchlarda askarlar yetishmayapti.
Armiyaning xizmatga yollash bo’yicha qo’mondonligi boshlig’i general-mayor Kevin Verinning aytishicha, pandemiya davrida maktab va oliy o’quv yurtlari faoliyatining izdan chiqishi va mehnat bozoridagi raqobat sabab armiyaga yollash ancha qiyinlashgan. Harbiy qo’mondonlarning umid qilishicha, qo’shimcha mukofot puli va yana ba’zi imtiyozlar malakali yoshlarni harbiy xizmatga qo’shilishga rag’batlantirishi mumkin.
"Hali ham 2020-yil asoratlari bilan yuzlashyapmiz. COVID boshidan maktab tizimi yopildi. Biz bilan yuzma-yuz muloqotdan bebahra qolgan yosh o’g’il-qizlar sinfini yo’qotdik”, - deydi general.
Odatda maktablar va ijtimoiy tadbirlarda bo’lajak askarlarni yollovchi qurolli kuchlar vakillarining ishi ikki yildan beri davom etayotgan pandemiyada ancha qiyinlashdi. Malakali kadrlarga raqobat kuchayib, yoshlarda tanlov imkoniyati paydo bo’ldi.
Verinning aytishicha, ba’zi yoshlar ish qidirishda o’ziga-o’zi tanaffus bergan.
Faol va zaxira xizmatidagi askarlar shartnomani yangilash yoki xizmatdan ketish haqida o’ylanarkan, askar yollashga yillik reja o’zgarib turibdi. Pandemiya quturayotgan so’nggi ikki yilda ko’plar harbiy xizmatda qolishga qaror qilib, yangi askar yollashga bosimni bir oz tushirdi. O’tgan yili reja 57500 edi, generalga ko’ra, bu yili ham shundayligicha qoladi.
Yoshlarni harbiy xizmatga qiziqtirish uchun armiyaning talab yuqori bo’lgan sohalariga olti yillik kontrakt bilan qo’shilganlarga 50 ming dollargacha mukofot puli belgilangan. Biroq standartlarning yuqoriligi sabab buncha pul hammaga ham nasib qilavermaydi – raqobat kuchli.
Buning uchun rekrutlar muhim kasb egasi bo’lishi, desantchilar yoki reynjerlar qismlariga yozilishi kerak. Raketa mudofaasi qo’shinlari, maxsus kuchlar, signal razvedkasi va ayrim boshqa sohalarda malakasi borlar eng ko’p mukofot pulini olishi mumkin. Armiyada piyoda askarlar, razvedka tahlilchisi, harbiy politsiya, jangovar muhandis kabi ishlar ham muhim hisoblanadi.
Shu kungacha armiyaga yollanganlar uchun eng ko’p mukofot puli 40 ming dollar edi.
"Bozorda raqobat kuchli. Rag’bat tizimi o’ta muhimdir”, - deydi general Verin.
Armiyada 15 yildan beri xizmat qilayotgan 1-darajali serjant Meri Jeyms Ogayo shtatida 2020-yil noyabridan beri askar yollaydi. Uning aytishicha, pandemiyaning ilk paytida va vaksina hali bo’lmaganida ishlash ancha qiyin edi. Hozir ahvol ancha yaxshi, kattaroq mukofot puli yordam beradi, deydi u.
"Pul haqida doim ham birinchi navbatda og’iz ochilmaydi, biroq bu ham muhim. Yangicha yondashuv qanday natija berishini ko’rgim kelyapti. Albatta bu bilan mehnat bozorida eng raqobatbardosh ish beruvchilar sirasiga kiramiz”, - deydi serjant.
Bungacha armiyada signal razvedkasi tahlilchisi bo’lib ishlagan Jeyms yoshlar bilan suhbat qilayotganda jangovar zonalarga safarbarlik, harbiy xizmat taklif etayotgan turli imkoniyatlar haqida ham ma’lumot beradi. Uning aytishicha, ba’zilar ish barqarorligi haqida ko’p savol beradi, kimdir oilasidan uzoqda bo’lish, har bir necha yilda bir joydan boshqa joyga ko’chish to’g’ri kelmasligini aytadi.
General Verinning aytishicha, armiya mana shu xavotirlarga barham berishga harakat qilmoqda. O’tgan kuzda ikki yillik shartnoma imzolash imkoniyati kengayib, endi jami 84 ta sohada shunday imkoniyat mavjud. Ba’zilarga hatto boshida qayerda xizmat qilish tanlovi ham beriladi. Bo’lajak askarlarning oilaviy sharoitini hisobga olish ayniqsa pandemiya sharoitida askar yollashni osonlashtirishga qaratilgani aytiladi.
General Verinning aytishicha, mukofot pulining umumiy qiymati hozircha belgilanmagan. Biroq 2018-yildan beri pul qisqarmoqda. O’shanda bu maqsadlarga eng ko’p pul ajratilgan edi – 485 million dollar. Bunga sabab armiya yollash rejasini bajara olmagani bo’ldi. O’tgan yil 30-sentabrida yakunlangan moliya yili uchun armiya mukofot uchun 233 million dollardan ko’p pul sarfladi, ya’ni armiyaga qo’shilgan 16500 odamga o’rtacha 14 ming dollardan ortiqroq pul berildi.
"Biz avvalambor vatanga xizmat qilish qadriyatini targ’ib qilmoqchimiz. Ammo shuni ham bilamizki, hozirgi avlod va, umuman, inson tabiati rag’bat, mukofotni afzal ko’radi”, - deydi general.
Serjant Jeymsning aytishicha, odatda fevraldan maygacha yollash ancha sustdir, shu sabab mukofot puli uning ishiga yordam berishi mumkin. Bahorda armiyaning 9400 dan ziyod rekruterlari maktab va kollejlarni tamomlayotgan yoshlar bilan uchrashib, ular bilan tashviqot ishlarini olib boradi. Aynan shu payt bitiruvchilar ish qidirishga kirishadi.
Jeymsning aytishicha, rejaga ko’ra u bir haftada 20 nomzodni armiyaga qo’shilishga ko’ndirishi lozim, biroq bir hafta oldin u rejani 75 foizga bajara oldi, xolos.
Rekruterlar yoshlar bilan ko’rishish uchun maktablar va sport tadbirlariga borishni endigina rejalagan bir paytda koronavirusning o’ta tez yuqumli “omikron” shtammi sabab ayrim maktablar yopilishiga to’g’ri keldi.
Armiyaga yollash qo’mondonligi boshlig’ining o’rinbosari brigada generali Jon Kushingning aytishicha, mukofot puli kelasi bir necha oyda eng ko’p sarflanadi.
"Buni zaxiramizdagi qurol deb atasa ham bo’ladi. Undan samarali foydalandik degan fikrdaman. Yana pul ajratiladi degan umiddaman”, - deydi Kushing.