Obodonlashtirishni targ'ib qilayotgan yoshlar

  • Amerika Ovozi

Kolorado tog'lari

Ta’mirlash qurishdan ham qiyin deyishadi. Amerikada ham bu tez-tez quloqqa chalinadigan gap. Ko’cha, mahalla yoki shahardagi o’zgarishlar puxta rejalashtirilishi kerak. Aks holda jarayon nafaqat aholini qiynab qo’yadi balki moliyaviy jihatdan qimmatga ham tushadi.



Lekin AQShdagi bir tashkilot qog’ozbozlik va uzoq tayyorgarliksiz ko’chalarni o’zgartirmoqda. Lekin faqat bir qismini, bir kunga xolos. Nodavlat tashkiloti bu yo’l bilan shaharlarni qanday obodonlashtirish mumkinligini namoyish qilmoqchi.

Denver shahridagi bo’sh do’kon endi restoranga aylandi. Tashqarida stollar qo’yilgan…

Mana bu bo’sh bino esa hozir velosipedlar ijara punkti. Pedalni aylantirib, muzdek kokteyl ichishingiz mumkin.

Shaharning 25-avenyusida ko’plab binolar bo’shab qolgan. “Better Block” loyihasi faollari ularni bir kunga to’ldirmoqda, qiziqarli joylarga aylantirmoqda. Harakat va ishtiyoq bo’lsa, manzarani bir zumda o’zgartirish, jamoatchilik uchun foydali maskanlar ochish mumkin. Buning uchun bir dunyo pul kerak emas, deydi bu ko’ngillilar. Bekorchi yurganlarni qiziqtirib, yangi g’oyalar bilan chiqib, nimadir qilsa bo’ladi.

“Kam mablag’ bilan mana shunday muhit yaratish mumkin. Hech kimdan million dollarlik grant kutib o’tirmaysiz”.

Bunyodkor Gosha Kung “Walk Denver” deb nomlangan guruhiga rahbarlik qiladi. Maqsad - shaharni o’zgartirish. Jefferson nomli bog’da ko’ngillilar skameykalar o’rnatdi, gul va daraxtlar ekildi. E’tibordan chetda qolgan masalalarni shu yo’l bilan ko’tarib chiqishmoqda.

“Hamma narsani ijaraga olamiz. Egalariga qaytarishimiz kerak. Ha, daraxtu-gullar hammasi qaytariladi”.

Mana bu ovqat sotadigan mashina ham bu yerga chaqirilgan. Stol va stullar mijozlarni kutmoqda. Bu g’oya kimgadir ma’qul kelishi aniq.

“Bir bo’lak pitsa olaman-da, mana bu shinam joyda o’tirib, yeyman. Xuddi Yevropa kafelariga o’xshaydi!” - deydi bu yerga kelgan ayol.

Mahalliy tadbirkorlar bu o’zgarishlardan mamnun. Qiziqish katta.

“Menga bu loyiha yoqdi. Zo’r g’oya”, - deydi tadbirkorlardan biri.

Ishbilarmonlar sarmoya qiladi degan umiddamiz, deydi mahalliy galereya sohibi. Ko’chalar, xizmatlar yaxshilansa, odam ko’payadi.

“Mashinadan jon deb tushib, bu yerda sayr qilardim. Velosipedda yoki piyoda yursak qanday yaxshi. Lekin biz Yevropa emasmiz. Avtomobilda yurishga o’rganganmiz”.

Meri Makey bu ko’chada galereya ochganiga 20 yil bo‘lgan. Ilgari ko’chaning ko’rinishi chiroyliroq edi, lekin keyinroq hech kim unga qaramay qo’ydi.

“Daraxt ekish kerak. Yangi skameykalar o’rnatish kerak. Sindirib yoki o’g’irlab ketishdan saqlash kerak”.

Loyiha rahbari Gosha Kung mahalliy hokimiyat bizni qo’llab-quvvatlashi kerak, deydi.

“Biz mahalliy tadbirkorlar bilan ishlayapmiz. Tumanni obodonlashtirmoqchimiz. Mablag’ kerak. Bunday o’zgarishlar bir kunlik emas, doimiy bo’lishiga umid qilamiz”.

Amerikaning yirik shaharlarida har bir ko’chaning o’z husini va o’ziga yarasha ajablanarli tomonlari bor. Bir qismi hashamatli va ozoda ko’rinsa, ikkinchi qismi qo’rqinchli va qashshoq. Hayot o’zi shunday, deydi amerikaliklar.