Obama, Klinton, "CNN"ga bombalar yuborilgan

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidentlari Barak Obama, Bill Klinton va Demokratik partiyaning ayrim yetakchi a'zolariga qo'lbola bomba ekani taxmin qilinayotgan vositalar yuborilgan. Ikki kun oldin taniqli filantrop va sarmoyachi Jorj Sorosning uyiga ham pochta orqali bomba yo'llangan.

AQSh Maxfiy xizmati sobiq prezidentlarga keladigan maktublarni tekshirayotganda paketlar topilgan.

"CNN" telekanali joylashgan Nyu-Yorkdagi Taym Vorner binosida ham shubhali paket aniqlangach, odamlar evakuatsiya qilindi. Uning ustida Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq direktori, Prezident Donald Trampning ashaddiy tanqidchisi Jon Brennanning ismi yozilgan.

"Amerikaliklar xavfsizligini ta'minlash - mening oliy vazifam. Amerikada tahdidlarga, siyosiy zo'ravonlikka o'rin yo'q", - deya ta'kidladi Tramp.

Klintonlarga yuborilgan qo'lbola bomba ularning Nyu-Yorkdagi hovlisiga yetib bormasidan oldin, pochta tekshiriladigan inshootda topilgan.

So'nggi prezidentlik saylovida Trampga yutqazgan Hillari Klinton Maxfiy xizmatga rahmat aytar ekan, bu voqealar mamlakatda siyosiy qarama-qarshilik kuchaygan bir paytda ro'y berayotganini afsus bilan qayd etdi, fuqarolarni mamlakatni birlashtira oladigan siyosatchilarni saylashga undadi.

Demokratik nomzodlarning yirik donori bo'lmish Jorj Soros va Obama oilasiga yo'llangan qo'lbola bombalar dizayn jihatdan bir xil ekani aytiladi. Xabarlarga ko'ra, Obama davrida adliya vaziri bo'lgan Erik Xolder nomiga ham shubhali paket jo'natilgan.

Oq uy sobiq siyosiy arboblar, qonunchilar va axborot vositalariga hujum qilishga urinishlarni keskin qoralamoqda. Jinoyat ortida turganlar jazosini oladi, deydi rasmiylar.

Maxfiy xizmatning bildirishicha, shubhali paketlar Obama va Klintonlar oilasiga hech bir bosqichda yetib borishi xavfi bo'lmagan - ular vaqtida topilgan va xavf bartaraf etilgan.

Federal qidiruv byurosi tergov boshlagan. Bu voqealar Kongress saylovlariga salkam ikki hafta vaqt qolganda ro'y bermoqda.