Kaliforniya shtati AQSh qishloq xo’jaligi uchun katta ahamiyatga ega. Davomli qurg’oqchilik bu yerdagi dehqonlarga katta ziyon yetkazmoqda. Butun mamlakat bo’ylab oziq-ovqat qimmatlashi kutilyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
2013-yili Kaliforniya tarixida eng kuchli qurg’oqchilik kuzatildi. Bu yil ham undan qolishmayapti. Ayrim suv omborlari bo’m-bo’sh. Bahorda daryolarni suv bilan ta’minlaydigan Syerra tog’larida qor ham avvalgidek ko’p emas.
Fermerlar o’tgan asrning 30-yillarida kuzatilgan quruqchilik va kuchli chang bo’ronlari takrorlanishidan xavotirda.
Kaliforniya AQShdagi iqtisodiy jihatdan eng yirik va baquvvat shtatlardan, AQShda meva-sabzavotlarning deyarli yarmi shu yerda yetishtiriladi. Ota-bobosi ham dehqonchilik qilgan Dan Errotabere pomidor, yong’oq, sarimsoq ekadi. To’g’onlar va daryolarni nazorat qiladigan federal agentlik dalalarga ajratiladigan suvni kamaytirdi. Suv yo’q, deydi fermer.
“So’nggi 1-2 yil juda qiynaldik. Tabiat bizni og’ir ahvolga solib qo’ygani yetmaganidek endi suv ham berishmayapti,” - deydi u.
Kaliforniyaning Markaziy vodiysida 200 ming gektar yerda ekin ekilmasligi mumkin. Errotabere 25 ishchisidan 10 nafarini bo’shatishga majbur.
“Hosilni yetishtirishda faqat quduqlarga qarab qoldik. 485 gektar maydon bo’sh yotibdi, chunki suvsiz hech narsa unmaydi u yerda,” - deydu fermer.
Hatto yog’ingarchilik mo’l bo’lgan yillarda ham dehqonlarga kam suv ajratiladi. Chunki Sakramento daryosida qirilib ketish arafasida bo’lgan jonzotlarni saqlab qolish kerak.
Errotabere va boshqa fermerlar nazarida esa suv yaxshi taqsimlanmayapti. Tomchilab sug’orish sistemasi bor, ammo ob-hayot bo’lmasa undan ne foyda.
Fermerlar byurosidan Rayan Jeykobson suv tanqisligi asoratlari haqida shunday deydi:
“Hozirgi qurg’oqchilik asoratlari hali 10 yil davomida seziladi. Chunki bunday ob-havoning mavsumiy ekinlarga zarari katta. Ekinlar ildizigacha qurib qolishi mumkin”.
Xaridorlar hozircha ziyon ko’rgani yo’q, lekin bozorda narx-navo oshishi turgan gap.
Sotuvchi Jon Murga siyosatchilar suv tanqisligi muammosini hal qilmasa bo’lmaydi, deydi.
“Kaliforniya uchun bundanda dolzarb masala yo’q hozir. Uzoq kelajak deysizmi, yaqin kelajakmi, yechim ustida o’ylash kerak”.
Kaliforniyada mahsulot qimmatlashsa, butun mamlakatga ta’sir qiladi. Shtat yirik eksportchi ekan, jahon bozorida ham oziq-ovqat narxi oshishini kutavering.
Your browser doesn’t support HTML5