Kaliforniya vinolari Xitoy bozorlarida

  • Amerika Ovozi
Xitoyda o’rtahol oilalar ko’payar ekan, ular Yevropa va Amerika vinolariga qiziqmoqda. O’tgan yili Qo’shma Shtatlar Xitoyga 74 million dollarga teng vino eksport qildi. Kaliforniyaning vinolari bilan butun dunyoga tanilgan Napa vodiysidagi vino zavodlari kaberne va shardonnelarni xitoyliklar xonadoniga yetkazishga umid qilmoqda.

Napa vodiysida yetishtirilgan sharbat xitoyliklarga ma’qul kelmoqda, deydi “Yao oila vinolari” kompaniyasi rahbari Tom Xind. Xitoy sobiq basketbol yulduzi Yao Min kompaniyaga asos solgan.

“Birgalikda vinoning beshta turini ishlab chiqdik. Hozir 2013-yilda ekilgan uzum hosilini kutayapmiz. Ko’rayotganingizdek, mana uzumzorimiz. Kuzda pishganida undan vino qilamiz.” - deydi Xind.

Bu kichik vino zavodida yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqariladi. Oliy navli “Kaberne Savinyon”ning bir shishasi 600 dollar.

Napa vodiysidagi “Qora tulpor” vino zavodida mutaxassislar eman daraxtidan yasalgan bochkalarda vinoning qanday saqlanishini o’rganmoqda. Zavod xodimasi Holli Evans biz ham Xitoyga mahsulotni eksport qilish ustida ishlayapmiz, deydi.

“Vinoning kattagina qismini xaridorlar shu yerning o’ziga kelib sotib oladi. Yana ikki turi, “Qora tulpor” nomli shardonne oq vinosi va kaberne qizil vinosi boshqa shtatlarda va Xitoyda ham sotiladi,” - deydi u.

Los-Anjelesdagi San-Antonio vino zavodining Xitoyga eksport qilinadigan mahsulot turlari unchalik qimmat emas. Ishlab chiqarilgan shabatning 15 foizi Xitoyga sotiladi. Vino institutidan Linzi Gallager talab katta, deydi:

“Bizga xorijdan tushayotgan talablarning 90 foizi Xitoydan keladi. Bu yurtda imkoniyatlar beqiyos”.

Ammo Kaliforniya vinolarini Xitoyda reklama qilish va sotish oson emas.

“Xitoyliklar Kaliforniya haqida ayrim narsalarni yaxshi biladi, masalan Gollivudning bu yerda joylashganini yoki Oltin devor ko’prigini, yoki bo’lmasa sobiq gubernatorimiz Arnold Shvarseneggerni hamma taniydi”.

Lekin vino ishlab chiqarish hajmi bo’yicha Kaliforniyaning dunyoda to’rtinchi o’rinda turishini ko’pgina xitoyliklar bilmasa kerak, deydi suhbatdosh.

Amerika vino zavodlari Xitoyda yevropaliklar bilan bellashishga majbur, vaholanki Yevropa vinolari Xitoy bozoriga kirib kelganiga ancha bo’lgan.

“Ular o’z o’rni va nomiga ega. Ayniqsa, fransuz vinolarini oladigan bo’lsak, yuqori sifatli oliy nav vinolari ishlab chiqaradigan Fransiya kompaniyalarining o’rni mustahkam. AQSh esa bozorga endi kirmoqda,” - deydi soha mutaxassisi Adam Bik.

Xitoyda o’rtahol odamlar ko’payar ekan, mamlakat vino sanoati ham rivojlanmoqda. Ammo Tom Xind xitoyliklar import qilingan vinoni afzal ko’rishidan umidvor.

“Ular muayyan turdagi avtomobil haydashni istaydi, qanday uyda yashash va qaysi firmalar ishlab chiqargan kiyim kiyishni ham yaxshi tasavvur qiladi. Shuningdek, qanday vino ichishni ham,” - deydi u.

Kaliforniya vinolariga qiziqish va talab ham oshib boradi, degan umiddaman, deydi Xind.