Kanada Qo’shma Shtatlar bilan savdo shartlarini qayta ko’rib chiqishga tayyor, lekin faqatgina manfaatlarimizga javob beradigan bitimga rozi bo’lamiz, deydi Bosh vazir Jastin Tryudo.
AQSh, Meksika va Kanada o’rtasida 1990-yillardan beri NAFTA nomli erkin savdo kelishuvi mavjud, biroq Prezident Donald Tramp uni o’zgartiramiz yoki voz kechamiz, deb bong urmoqda. Meksika va Kanada bilan muzokara ketyapti.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo so’zlariga ko’ra, uning davlati muzokarachilari janubdagi qo’shnilar bilan hamma uchun manfaatli bo’lgan kelishuvga erishishga harakat qilayapti.
“Muzokarachilarimiz hozir Vashingtonda, progress bor va keyingi qadamlarni belgilab olayapmiz. Muzokaraga ijobiy va konstruktiv yondashamiz. Kanadaga, o’rta qatlam kanadaliklar manfaatiga javob beradigan bitim bo’lsa, uni imzolaymiz”, - deydi Tryudo.
Bir necha kun oldin AQSh Meksika bilan yangi savdo kelishuviga erishdi. Shartlardan biri shuki, Meksika shimoldagi qo’shnisiga yiliga faqat 2,4 million mashina sota oladi, xolos. Undan ziyodiga katta boj solinadi.
Trampga ko’ra, 24 yillik NAFTA bitimi AQShda ish o’rinlari qisqarishiga olib kelgan, chunki ko’plab kompaniyalar ishlab chiqarishni ishchi kuchi arzon bo’lgan Meksikaga ko’chirgan. Agar Kanada yangi bitimga qo’shilmasa, deydi Tramp, uning mahsulotlariga tariflar oshiriladi.
“Kanada bilan alohida kelishuv imzolashga qarshi emasmiz. Yoki Meksika bilan erishilgan bitimga qo’shilsin”, - deydi AQSh rahbari.
Ammo Tramp NAFTAni Kongress roziligisiz bekor qila oladimi? Moliya vaziri Stiv Mnuchin “ha” deya javob beradi.
“Meksika va Kanada shuning uchun ham muzokaraga rozi bo’lishdi. Avvalgi bitim ularning foydasiga bo’lgani uchun ularga ma’qul edi. Prezident savdo shartlarini qayta ko’rib chiqishga va’da bergan edi, va’da ustidan chiqyapti. Keyingi kelishuvlar Amerika ishchilari va kompaniyalari uchun yaxshiroq bo’ladi”, - deydi vazir.
Tramp ma’muriyati Meksika bilan yangi bitimni olqishlar ekan, Kongressdagi demokratlar fikricha, maqtashga hali erta.
“Shimoliy Koreya bilan bo’lganidek, chiroyli bayonotlarni eshityapmiz, lekin hamma gap ikir-chikirida. Keyin nima bo’lishini bilmaymiz”, - deydi senator Chak Shumer.
Amerika va Kanada o’rtasida avtomobillar, sut mahsulotlari va dorilarga boj solish, intellektual mulkni himoya qilish masalalarida kelishmovchiliklar bor. Ikki davlat munosabatlari ham ancha sovuqlashgan.