Savdo urushiga kirishib ketgan Vashington va Pekin endi Afrikada ham iqtisodiy jihatdan raqobatlashishi kutilmoqda. Xitoy qit’adagi infratuzilma loyihalariga milliardlab dollar sarmoya kiritdi, Afrika mamlakatlariga kreditlar berdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ba’zi tahlilchilar nazarida, Qo’shma Shtatlar qit’aga yetarlicha e’tibor bermayapti. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Mark Grin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQShning Afrika siyosatini tushuntirib berdi.
Iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan mamlakatlarning ba’zilari Afrikada joylashgan. Turli davlatlar sarmoyadorlari nigohini qit’aga qaratmoqda.
So’nggi yillarda Xitoy yangi infratuzilma loyihalari uchun milliardlab dollar sarflagan. Keniyadagi “Madaraka Ekspress” temir yo’li shulardan biri.
“Pekin sarmoyalar yordamida Afrikada qattiq o’rnashishga urinmoqda”, - deydi “Amerika Ovozi”ning Pekindagi muxbiri Uilyam Ayd.
Xitoyning “Kamar va yo’l tashabbusi” davlat dasturi doirasida dunyoning deyarli 70 mamlakatida umumiy qiymati bir trillion dollarga teng temir yo’llar, ko’priklar, avtomobil magistrallari, portlar va boshqa loyihalarni bunyod etish va moliyalash ko’zda tutilgan.
Biroq tanqidchilar nazarida, Xitoy Afrika davlatlarini qarz tuzog’iga tushirmoqchi.
“Pekin ularni o’ziga qaram qilmoqchi. Xitoy kreditlarining shartlari og’ir ekanini o’rganyapmiz”, - deydi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ma’muri Mark Grin.
Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlarning Afrika davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarida yondashuv Xitoynikidan keskin farq qiladi.
“Biz qarz berishdan oldin mamlakatlardan islohotlar o’tkazishni, muayyan huquqlar va qadriyatlarni hurmat qilishni so’raymiz. Ularning asta-sekin teng savdo hamkor bo’lishini istaymiz”, - deydi rasmiy.
Xitoy mamlakatlarni taraqqiyotga undayapmiz, deydi.
“Xitoy hukumatlardan siyosiy tuzumini o’zgartirishni yoki Xitoy qadriyatlarini qabul qilishni talab qilmasligini aytadi. Ammo Pekinning boshqa davlatlar bilan aloqalari tarixidan shuni ko’rib turibmizki, Xitoy ma’lum bir bosqichda talabini olg’a suradi”, - deydi jurnalist Uilyam Ayd.
Ba’zilarning xavotir olishicha, Xitoyning yondashuvi faqat qarzga yetaklamaydi.
“Xitoy bu mamlakatlarda korrupsiyani ham kuchaytirmoqda, chunki Afrikada amaldorlar va hukumatlar porasiz ish qilmaydi, kelishuvlar shaffof emas”, - deydi “Amerika Ovozi”ning Afrika bo’limi muxbiri Salim Sulaymon.
AQSh Kongressi Xitoyning Afrikaga ta’sirini cheklash maqsadida yangi qonun qabul qildi. Unga ko’ra, Afrikaga sarmoyalarni oshirish uchun davlat agentligi tashkil etiladi.