Papua Yangi Gvineyada o’tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida AQSh va Xitoy mintaqa davlatlariga savdo, sarmoya, xavfsizlik bobida o’z qarashlarini bildirdi. AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Amerikaning “Erkin va ochiq Indoxitoy” strategiyasi Xitoyning mintaqaviy siyosatidan afzalroq va manfaatliroq ekanini aytdi. Anjuman qo’shma bayonotsiz yakunlandi.
Your browser doesn’t support HTML5
Pensning aytishicha, Qo’shma Shtatlar G’arbdagi bir nechta hamkor davlatlar bilan Papua Yangi Gvineyani internet va elektr quvvati bilan ta’minlashga qaratilgan 1,7 milliard dollarlik loyihani amalga oshirmoqda.
Vashington, shuningdek, Avstraliya bilan Manus orolida harbiy-dengiz bazasini qurmoqda. Mayk Pens bu tashabbuslar Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” strategiyasiga qarshi qaratilganini aytadi.
“O’tgan yili Prezident Tramp Indoxitoyni erkin va ochiq qilishga qaratilgan g’oyasini olg’a surdi. AQShning bu mintaqaga qiziqishi har qachongidan kuchli. Amerika kompaniyalari regionga katta sarmoyalar kiritmoqda”, - dedi u.
AQShning Xitoy bilan ziddiyatlari sammit davomida sezilib turdi, ikki tarafdan achchiq gaplar aytildi.
“Umumiy qoidalarni eng qudratli mamlakat emas, xalqaro hamjamiyat birgalikda ishlab chiqishi kerak. Bir tomonlama siyosat, ikkiyuzlamachilikka yo’l qo’ymaslik zarur”, - dedi Xitoy Prezidenti Si Zinpin.
AQSh vitse-prezidenti mamlakatlarni Xitoy qarz tuzog’iga ilinmaslikka chaqirdi.
“Xorijiy qarz ketidan suverenitetni oldirib qo’ymang. Amerika kabi manfaatlaringizni himoya qiling, mustaqilligingizni asrang, mamlakatingizni hamma narsadan ustun qo’ying”, - dedi Pens.
Biroq tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar yirik davlatlar bilan birday hamkorlik tarafdori ekanini aytadi.
“Bunday hamkorlik mamlakatlarimiz, iqtisodiyotlarimiz taraqqiyotini kuchaytirishga yordam beradi. Muammolarni hamkorlikda hal qilsak bo’ladi”, - dedi Papua Yangi Gvineya Bosh vaziri Piter Onil.
AQSh va Xitoyning tortishuvlari sabab APEK a’zolari sammit bayonotiga kelisha olmadi.