Faollar: AQSh Xitoyni huquq bobida savolga tutsin

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Jon Kerri, Xitoy rasmiysi Vang Yang

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi guruhlar va qonunchilar Obama ma’muriyatini bugun Vashingtonda Xitoy delegatsiyasi bilan muzokarada qat’iy talablar bilan chiqishga undayapti.

Amerika tarafidan Davlat kotibi Jon Kerri va Tijorat vaziri Jek Lyu Strategik va iqtisodiy dialogga boshchilik qilayapti.

Xitoy tomonidan Davlat maslahatchisi Yang Jichi va vitse-premyer Vang Yang qatnashmoqda.

Besh yildan beri an’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan uchrashuv dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti uchun hamkorlik va bahslarni muhokama qilish imkonidir.

Bu galgi uchrashuv Amerikada ish o'rinlari astalik bilan ko'payib borayotgan, Xitoy iqtisodiyoti esa sekinlashgan bir paytda o'tayapti.

Xitoy bo'yicha mutaxassis Jorj Xeylining aytishicha, Osiyodagi bu mamlakat sanoatlarida mahsulot keragidan oshib ketgan. "Masalan, quyosh panellarini oling - hukumatning qo'llab-quvvatlovi natijasida bu sohada tovar keragidan 100% oshiqcha. Boshqa yo'nalishlarda ortiqcha mahsulot 20-30%ga yetadi".

Chetdan talab kamaygani, ishsizlik ko'lami oshgani Xitoyda iqtisodiy va ijtimoiy tanazzulga yetaklashi mumkin.

Muammo ildizi, deydi mutaxassislar, Xitoyning taraqqiyot modelida - bu faqat davlat tomonidan nazorat qilinadigan siyosat va fuqarolar iroda-xohishi hamda erkin bozor qonun-qoidalari unda ishlamaydi.

Ikki kunlik muzokaralar arafasida Human Rights Watch tashkiloti AQShni Xitoydagi huquqiy ahvolni kun tartibiga olib chiqishga da’vat etayapti.

Ayniqsa, hukumat tanqidchilarini ta’qib qilish, so’z erkinligini bo’g’ish va ozchilik etlatlarni ezish kabi muammolarni.

Qonunchilar esa Xitoyni intellektual mulk himoyasi, kiber-xurujlar, mahalliy bozorni xorij mahsulotiga ochib berish va erkin raqobatga imkon berish borasida savolga tutmoqda.