Xitoy AQShdan hududiy bahslarga aralashmaslikni so’radi

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar nazarida, Xitoy o’zining neft platformasini Janubiy Xitoy dengizidagi bir necha davlat o’rtasida talash hududga ko’chirayotgani “provokatsiya”. Xabarlarga qaraganda, bu hududda Vyetnam va Xitoy kemalari to’qnashgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoy AQShdan hududiy bahslarga aralashmaslikni so’radi/Shohruh Hamro


AQSh Davlat departamenti Xitoy qarorini tanqidga oldi.

“Pekin Janubiy Xitoy dengizida vaziyat keskinligini bila turib, neft platformasini bu hududda joylashtirishga qaror qilgani nizo chiqarishga qaratilgan va tinchlikka xizmat qilmaydi”, - deydi departament so’zlovchisi Jen Psaki. “Talash orollar yaqinida nima mumkin, nima mumkin emasligini tomonlar xalqaro qonun doirasida kelishib olishi kerak”.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi bunga javoban shuni ta’kidlaydiki, Janubiy Xitoy dengizida qazilma ishlari olib borilayotgani Vashingtonning ishi emas. Xitoy suvereniteti haqida bunday mas’uliyatsiz bayonotlar qilishga AQShning haqqi yo’q, deb chiqdi vazirlik.

Parasel orollarini o’zining eksklyuziv iqtisodiy zonasi deb biladigan Vyetnam Xitoyning so’nggi qarorlaridan qattiq norozi ekanini bayon qildi. Neft platformasi va kemalarni bu hududdan olib chiqishni talab qilmoqda.

Xitoy esa Vyetnamni neft kompaniyalarimiz ishiga aralashmang, ular o’z davlati qonunlariga amal qilib faoliyat yurityapti, deya ogohlantirdi. Ikki davlat kemalari orollar yaqinida to’qnashgani haqida xabarlar bor.

Pekin va Xanoy 1988-yildan buyon masala yuzasidan tortishib keladi. Xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Jon Brakslendning aytishicha, Xitoy o’z mulki deb bilgan orollar ustidan sekin-asta nazorat o’rnatish yo’lidan bormoqda.

“Kommunistik davlat ohista qadamlar tashlab, uzoq muddatli rejasini amalga oshirayotgani mutlaqo ayon. Janubiy Xitoy dengizida kim xo’jayin ekanini ko’rsatib qo’yish bosh maqsad. Filippin xalqaro arbitrajga murojaat qilgani, Vyetnam ASEAN singari mintaqaviy tashkilotlardan yordam so’rayotganini bilamiz. Lekin Xitoy o’zinikidan qolmayapti”, - deydi Brakslend.

Uning fikricha, Pekin zo’ravonlik ostonasidan o’tmasdan, puxta ishlangan reja asosida bosiqlik bilan harakat qilmoqda.

Xitoy bilan yaqindan savdo qiladigan Vyetnam noqulay ahvolda, deydi yana bir ekspert Jonatan London.

“Xanoy o’z suvereniteti va manfaatlarini himoya qilajagini aytib, kuchli bayonot bilan chiqdi. Lekin endi qandaydir konkret chora ko’rish kerakligini ham ular yaxshi tushunadi”.

Ayni damda Vyetnam kemalari Parasel orollari yaqinida Xitoy kompaniyalari ishini kuzatmoqda.

Yaqinda AQSh prezidenti Barak Obama Osiyodagi ittifoqchi davlatlarga safar qilib, Xitoyni qo’shni davlatlarni hurmat qilishga chaqirdi. Yaponiya, Janubiy Koreya va Malayziya bilan yaqinroq harbiy hamkorlik yo’lga qo’yilgan.

Filippinda Obama 10 yillik xavfsizlik shartnomasi imzoladi va bu davlatning Xitoy bilan sudlashish qarorini qo’llab-quvvatladi.