G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari Moskvani Xitoy bilan yaqinlashishga majbur qildi. Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasida “Sharq-22” harbiy mashg’ulotlari o’tkazilmoqda. Unda 15 ta mamlakat, jumladan Xitoy harbiylari qatnashmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Rossiya va Xitoy harbiy flotlari o’rtasidagi hamkorlik yangi sifatli darajaga ko’tarildi. Bu global va mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlaydi”, - deydi Rossiyaning Tinch okeani floti kontr-admirali Valeriy Kazakov.
Xitoy va Rossiya harbiy bitim imzolamagan, shunga qaramay harbiy hamkorlik kuchaymoqda.
Rossiya va Xitoyning yaqinlashuvi haqida hisobot tayyorlagan amerikalik tahlilchi Bonni Lin ikki mamlakat o’rtasidagi qurol savdosiga urg’u bergan holda muammolar borligini ham ta’kidlaydi.
“Qurollarning 70 foizini Xitoy Rossiyadan import qiladi. 2000-yil o’rtalaridan boshlab Pekin o’zida qurol ishlab chiqarishni kuchaytirib, Rossiyaga bu boradagi tobeligini kamaytirishga kirishdi. Shu bilan birga, Rossiya Xitoy uning texnologiyalarini o’g’irlayotganidan tashvishga tushgan. Xitoyning so’nggi 1-2 yildagi qurol importlari asosan aviatsiya dasturlarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi siyosatshunosi.
Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi urushini ochiq yoqlamagan bo’lsa-da, uni qoralagani ham yo’q.
“Pekin Rossiyaning G’arb va NATO bilan muammolarini o’zining AQSh, ittifoqchilarimiz hamda Hind va Tinch okeani mintaqasidagi hamkorlarimiz bilan muammolarini qiyoslab chuqur o’rganmoqda”, - deydi Lin.
Yangi hisobot Rossiya va Xitoy aloqalari bundan keyin yanada rivojlanishini bashorat qilmoqda.
“Xitoy qo’shni davlatlarning birortasiga urush ochsa, Rossiya qo’shin yuboradi demoqchimasman, ammo razvedka ma’lumotlari, siyosiy madad bobida yordam berishi mumkin”, - deydi ekspert.
Hisobotda aytilishicha, Xitoyning harbiy salohiyati Rossiyanikiga yaqinlashmoqda va hatto oshib bormoqda.
Rossiyaning Primorsk o’lkasidagi harbiy mashg’ulotlarni tomosha qilish uchun hududga Prezident Vladimir Putin borgan. 1-sentabrdan beri davom etayotgan mashqlarda Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston, Hindiston va yana bir necha mamlakatdan 50 ming askar, 5000 dona harbiy texnika, jumladan 140 ta samolyot va 60 ta kema qatnashyapti.
Xabarlarga ko’ra, Rossiya bilan qo’shma mashg’ulotlarida ilk bor Xitoy piyoda askarlari, harbiy aviatsiyasi va floti bir paytda ishtirok etmoqda.