Xitoylik xakerlar AQSh harbiy sirlarini o'g'irlagani aytilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Xitoy, kiber-xurujlar US China Cyber

Qo’shma Shtatlar nazarida Xitoy kiber-josuslikka zo’r berib, Amerikaning siyosiy, iqtisodiy va harbiy sirlarini o’g’irlamoqda. Kecha ma’lum bo’lishicha, xitoylik xakerlar AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimiga doir ma’lumotlarni qo’lga kiritgan.

Kuzatuvchilar nazarida Xitoy ulardan o’z mudofaa tizimini yaratishda foydalanishi mumkin. Bundan tashqari yangi qiruvchi samolyotlar va jangovar kemalar bilan bog’liq ma’lumotlarning o’g’irlangani ham aytilmoqda.

Rasmiy Pekin xakerlik faoliyatiga aloqador ekanini qat’iyan rad etib keladi. Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, mavzu ikki davlat prezidentlari uchrashuvida ko’tarilishi mumkin.

Prezident Barak Obamaning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Tom Donilon hozir Xitoyda. Oq uy rasmiysi kecha Xitoy prezidenti Si Zinpin bilan uchrashgan. Donilon kelasi hafta prezidentlar Obama va Sining Kaliforniyada bo'ladigan uchrashuviga zamin hozirlamoqda.

Donilon Pekinga tashrifi chog’ida xakerlik muammosini ko’tarmagan, biroq uning yil boshida aytishicha, Xitoy kiber-xurujlarga chek qo’yishi lozim, aks holda ikki davlat aloqalariga putur yetishi mumkin.

Donilon mahalliy rasmiylar bilan uchrashuvi chog'ida harbiy hamkorlikni oshirish xususida ham gaplashgan. Uning aytishicha, bunday hamkorlik tinchlikparvar operatsiyalar, qaroqchilarga qarshi kurash, tabiiy ofatlarda yordam ko’rsatish bobida asqatadi.

"Yirik davlatlar o’rtasida munosabatlarni yangi pog’onaga chiqarish harbiy aloqalarni sog’lom, barqaror va ishonchli bo’lishiga xizmat qiladi", - dedi Donilon.