Tramp Xitoy tanqidchisini savdo uchun mas'ul etib tayinladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezidentlikka kirishishga taraddud ko’rayotgan Donald Tramp yangi savdo kengashi tuzib, o’zining yaqin iqtisodiy maslahatchisi Piter Navarroni unga rahbar etib tayinladi. Navarro Xitoyning ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan.

Navarro “Xitoy mahsulotini sotib olmang” deya amerikaliklarga murojaat qilgan. “Xitoydan o’lim” degan hujjatli filmida u bu davlat bilan biznesdan faqat ziyon ko’rayapmiz, deya da’vo qiladi. Tramp Navarroni savdo kengashiga mas’ul etib tayinladi.

Yangi prezident idorasi tarqatgan bayonotga ko’ra, Kaliforniya universiteti professori Piter Navarro byudjet kamomadini qanday kamaytirishni, ish o’rinlarini ko’paytirishni biladigan yetuk mutaxassis.

Xitoy ham bayonot bilan chiqdi.

“Munosabatlarimiz barqaror va ravon davom etishi muhim. Savdo-sotiq nafaqat ikki mamlakat, balki dunyo farovonligini ta’minlashga ham xizmat qiladi”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Hua Chunying.

Tahlilchi Garri Kazianis fikricha, Tramp chuqur o’ylab ish qildi.

“Professor Navarro AQSh-Xitoy aloqalarini ham iqtisodiy, ham strategik, ham harbiy jihatdan tushunadi. Trampga bu borada maslahat berib keladi”, - deydi u.

Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida Xitoyni ko’p tanqid qilgan. Ish o’rinlarini bu davlatga boy berganmiz, byudjet kamomadi oshib ketganida ham Xitoy aybdor, deya ta’kidlagan edi bo’lajak prezident.