AQSh-Xitoy munosabatlari: Murakkab sheriklik

  • Amerika Ovozi

Oq uyda milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar yangilanar ekan, AQShning bundan keyin tashqi siyosati qanday bo’ladi?

Ayni damda AQSh Xitoy bilan savdo bobida qattiq tortishmoqda. AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabining sobiq rahbari Maykl Mullen Pekinni "o’sayotgan pahlavon" deb ta’riflaydi. Iste'fodagi admiral nazarida, Xitoyning rivojlanishi dunyoni shakllantirishda katta rol o’ynaydi.

“Xitoy qanday rivojlanishi va AQShning u bilan uzoq muddatli munosabatlari qanday bo’lishi katta ahamiyatga ega. Agar konstruktiv aloqa o’rnata olsak, dunyoga ham yaxshi bo’ladi. Agar munosabatlar salbiy bo’lsa, dunyo bundan zarar ko’radi”, - deydi Mullen.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizini o’zlashtirayotgani dengiz atrofidagi davlatlar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Yaponiya, Filippin kabi mamlakatlar bu masalada AQShdan yordam kutmoqda.

Sobiq davlat kotibasi Kondoliza Raysga maslahatchilik qilgan Daniyel Tviningning aytishicha, Pekinning mintaqadagi hukmronligi dunyo iqtisodiyotiga zarardir.

“Xitoy butun dunyo bo’ylab ish qilmoqchi, kelajakda AQShning mintaqadagi ittifoqchilarini undan ayirmoqchi. Shuni doim yodda tutish kerak”, - deydi hozirda Vashingtondagi Xalqaro respublikachilar institutida ishlayotgan ekspert.

“Yevrosiyo Guruhi” tashkilotining yetakchi xodimi Joshua Uoker nazarida, Xitoy ham iqtisodiy, ham harbiy manfaatlarini ko’zlamoqda.

“Xitoy dengizdagi asosiy yo’lni o’z nazoratiga olsa, AQSh Ikkinchi jahon urushidan so’ng barpo etgan xalqaro liberal tartib buziladi. AQShning hozirgi strategiyasi Hind va Tinch okeanlarida Hindiston va Yaponiyaga tayanib, barcha ittifoqchilarni birlashtirishga qaratilgan”, - deydi tahlilchi.

Ba’zilar nazarida, Xitoy AQShda yetuk siyosiy rahbarlarning yo’qligidan foydalanmoqda.

“Angishvonani hozir ikki kishi o’ynatmoqda – Si Zinpin va Vladimir Putin. Ammo ular men uchun yomon odamlar”, - deydi sobiq admiral Maykl Mullen.

O’tgan oy Xitoy parlamenti prezidentlik muddatini bekor qilishga ovoz berib, Si Zinpinning davlat tepasida cheksiz qolishiga sharoit yaratdi. Rossiyada esa mart oyida Putin yangi olti yillik muddatga saylandi.