AQSh Xitoyning Shinjon viloyatida uyg’urlar va boshqa musulmonlarga zulm qilganlikda gumon qilinayotgan rasmiylarni qora ro’yxatga kiritishi ketidan Pekin o’xshash choralarini qabul qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyinning kundalik matbuot brifingida ma’lum qilishicha, Xitoyning Shinjondagi siyosatiga aralashishda alohida jonbozlik qilgan Amerikaning uch qonunchisi va bir rasmiysiga sanksiya qo’llanadi.
Ushbu qonunchilar AQSh Kongressida Xitoy bo’yicha komissiya a’zolari – senatorlar Marko Rubio va Ted Kruz, kongressmen Kris Smit hamda AQSh Davlat departamentida diniy erkinliklar bo’yicha maxsus elchi, sobiq senator Sem Braunbek.
“Shinjondagi siyosat yolg’iz Xitoy ichki siyosati ekanini ta’kidlab o’tmoqchimiz. AQShning Shinjon ishlariga aralashishga haqqi yo’q. Xitoy hukumati milliy suvereniteti, xavfsizligi va barcha manfaatlarini himoya qilishga shay”, - dedi Xua Chunyin.
O’tgan hafta Davlat departamenti Xitoyning to’rt nafar rasmiysini uyg’urlarga nisbatan zug’umda ayblab, ularni qora ro’yxatga qo’shgan.
Xususan, Kommunistik partiyaning Shinjondagi kotibi, mamlakatdagi qudratli Siyosiy byuro a’zosi Chen Suango sanksiyaga tushdi.
Chen Shinjonda uyg’urlarning hibsga olinishiga mas’ul asosiy rasmiy sifatida ko’rilmoqda. BMT ekspertlariga ko’ra, bir milliondan ziyod xitoylik musulmon lagerlarda saqlanmoqda.
Sanksiyalar AQShning 2012-yilda qabul qilingan “Global Magnitskiy qonuni” asosida amalga oshirilmoqda. Qonun AQSh hukumatiga inson huquqlari buzg’unchilarining Amerikadagi mulkini muzlatish, mamlakatga kirishini taqiqlash, AQSh fuqarolariga ular bilan ishlashni man qilish vakolatini beradi.