Amerikaning quyosh energiyasi sohasida ishlovchi ayrim kompaniyalari AQSh Savdo vazirligidan Xitoyning quyosh komponentlariga qo’yilgan tariflarni kengaytirib, Xitoyning Malayziya, Vyetnam va Tailandda ishlangan mahsulotlariga ham boj to’lovlarini solishga chaqirmoqda. Tariflar mavzusi quyosh energiyasi sanoatida bo’linishga sabab bo’lmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Quyosh panellarinini o’z uyida o’rnatgan amerikaliklarga 26 foizlik soliq imtiyozlari beriladi. Ularni o’rnatayotgan ayrim kompaniyalar komponentlarni Xitoydan sotib oladi, chunki arzon ishchi kuchi va kamroq ekologik cheklovlar sabab mahsulot arzonroq bo’ladi.
“Xitoy kompaniyalari biz amal qiladigan qoidalarga qarab ish qilmaydi”, - deydi Janubiy Kaliforniya universiteti professori Shon Xayat.
Xitoy davlat banklari past foizda taklif etayotgan kreditlar narxlarning past bo’lishiga yana bir sabab.
“Bu uzoq yillar oldin boshlangan Xitoyning oyoqqa turish jarayoni bilan bog’liq. Narxlar o’ta past. Istasangiz, buni demping deb atashingiz mumkin. Xitoy o’z sanoatini narxlarni keskin tushirish hisobiga ko’targan”, - deydi marketolog Paula Mints.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2018-yilda Xitoydan kelayotgan quyosh energiyasi importlariga 30 foizlik tarif qo’ygan edi. Bugunga kelib soliq miqdori 18 foizga tushgan. Amerika kompaniyalari ularni qo’llab-quvvatlamoqda.
“Tariflar yetarlicha raqobatbardosh bo’lishimiz uchun kerak. Shunda keng ko’lamda xitoylik raqobatchilar bilan bir xil narxda ishlab chiqarish va savdo qilish imkoniga ega bo’lamiz”, - deydi professor Xayat.
Avgust oyida Amerikaning 18 ta quyosh energiyasi kompaniyasi AQSh savdo mutasaddilaridan Osiyoning yana uch mamlakati mahsulotariga ham tarif qo’yishni so’rab, bu mahsulotlar aslida Xitoyda ishlab chiqarilayotganini aytdi.
“Eng muhim savol shuki, quyosh panellari modullarining qanchasi haqiqatan bu mamlakatlarda ishlab chiqarilmoqda. Aytish qiyin”, - deydi Kornel universitetidan olim Fenchi Yu.
Gap shundaki, quyosh panellari qismlari bir joyda ishlanib, boshqa joyda terilishi mumkin. Xitoy panellarining arzonligiga yana bir sabab shuki, ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan polikremniyning katta qismi Xitoy g’arbidagi ko’mirli zavodlarda chiqariladi.
“Xitoy polikremniyning 45-46 foizini Shinjonda majburiy mehnat hisobiga ishlab chiqaradi. Bundan arzon bo’lmaydi”, - deydi marketolog Mints.
COVID sabab ishchi kuchining yetishmasligi, Xitoyda elektr energiya uzilishlari hamda AQSh portlarida yuk kemalarining to’planib qolgani quyosh energiyasi sanoatida turbulentlikka sabab bo’lmoqda. Biroq hamma ham qo’shimcha tariflarni qo’llab-quvatlamayapi, chunki buning natijasida muhim komponentlar narxi ko’tarilmoqda, deydi kam daromadli mahallalar uchun quyosh panellarini o’rnatuvchi nodavlat tashkilot rahbari.
“AQShda ishlab chiqarishni jonlantirmoqchi bo’lsangizu, ayrim mahsulotlarni Osiyodan sotib olish kerak bo’lsa, bu materiallarga qo’yilgan bir tomonlama tariflardan Amerika kompaniyalari ham zarar ko’radi”, - deydi Devon Xartman.
Komponentlar qayerda ishlab chiqarilishidan qat’i nazar, quyosh quvvatiga talab oshmoqda.
“Har uch yilda sanoat ikki baravar kengaymoqda”, - deydi “Makkalmont injiniring” kompaniyasi prezidenti Tom Makkalmont.
“Biz bu soha yetakchisi bo’lganimiz uchun ushbu yangi texnologiyalarni idrok bilan ishlab chiqaruvchi quvvat manbaimiz”, - deydi Fenchi Yu.
Hozirgi savdo munozaralariga qaramay, deydi professor, quyosh energyasining kelajagi porloqdir.