AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, Xitoy e'tirozlariga qaramay, Amerikaning harbiy kemalari Janubiy Xitoy dengizidagi munozarali orollar yonidan suzib o'tishda davom etadi.
Mudofaa vaziri Jim Mattisning aytishicha, kemalar dengizda erkin navigatsiya qonunlari asosida harakatlanmoqda va dengiz bo'yida joylashgan mamlakatlardan faqat Xitoy bunga e'tiroz bildirmoqda.
Qo'shma Shtatlar Xitoyni shu yili bo'ladigan yirik xalqaro dengiz mashg'ulotlariga taklif etgan edi, biroq Pentagon Xitoyni Janubiy Xitoy dengizidagi orollarni harbiylashtirayotganlikda ayblab, o'tgan hafta taklifni bekor qildi.
"2015-yili Prezident Si Zinpin Oq uyda bo'lganida Spratli orollarida harbiy inshootlar qurmaslikka so'z bergan edi. O'tgan oy aynan shunga qo'l urishganiga guvoh bo'ldik. Orollarga qurollar olib kirishdi. Tinch okeani bo'yidagi mamlakatlar bilan hamkorlikka tayyormiz, ammo xalqaro qonundan chetga chiqish harakatlariga qarshi turamiz", - dedi Mattis.
AQSh mudofaa vaziri shu hafta Singapurda bo'ladigan Osiyo xavfsizlik forumida qatnashadi. "Shangrila muloqoti" nomi bilan tanilgan yillik tadbirda Osiyo va boshqa hududlardan mudofaa vazirlari ishtirok etadi.
Janubiy Xitoy dengizi hududining bir qismiga da'vo qilayotgan Vyetnam, Filippin, Malayziya, Bruney va Tayvan bu masalada dengizning salkam barini o'ziniki deb kelayotgan Xitoy bilan shu masalada tortishib keladi.