AQSh va Xitoy tariflari kuchga kirdi

  • Amerika Ovozi

Bugun 24-sentabr kuni AQSh va Xitoyning o’zaro tariflari kuchga kirdi. Vashingtondagi ayrim siyosatchilar Tramp ma’muriyatining savdo bobida Xitoyga qarshi siyosatini yoqlamoqda. Biroq boshqalar nazarida, iqtisodiyotining hajmi bo’yicha ikkinchi o’rinda turuvchi mamlakatga qarshi savdo urushi AQShga ham zarar bo’lishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 24-sentabr, 2018-yil - AQSh va Xitoy tariflari kuchga kirdi

“Xitoyga qarshi jazo choralarini ancha oldin joriy etish kerak edi. Mendan oldingi prezidentlar bu ishni qilmagani uyat”, - dedi Tramp.

Xitoyga qattiqroq bosim qo’yish siyosati tarafdorlari Trampning tariflarni joriy etish qarorini olqishlamoqda.

“Mamlakatimiz shuncha yillardan buyon zarar ko’rib keldi. Ortiq bunga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi Tramp.

Tramp o’tgan hafta e’lon qilgan tariflar Xitoyning salkam 200 milliard dollarlik eksport mahsulotlarini nishonga oladi. Pekin javob tariqasida AQShning 60 milliard dollarlik eksport tovarlarini qo’shimcha boj bilan siylamoqda.

Ba’zilar nazarida, bunday harakatlar iqtisodiy kuchga ega ikki yirik davlat o’rtasida katta savdo urushiga yetaklashi mumkin.

“Xitoy bilan savdo urushi tarafdori emasman, ammo adolatni talab qilish zarur. Kompaniyalarimizga Xitoyda ishlashga qanday sharoit bo’lsa, Xitoy kompaniyalariga ham Amerikada ishlash uchun shunday imkoniyat berish kerak”, - deydi respublikachi senator Marko Rubio.

Boshqa qonunchilar Trampning ittifoqchi mamlakatlarni ham tariflar bilan jazolayotganini tanqid qiladi. Kanada, Meksika va Yevropa Ittifoqidan kelayotgan po’lat va alyuminiyga Tramp boj to’lovlarini oshirgan edi.

“Ittifoqchilarga nisbatan bunday muomala global savdo masalalarida pozitsiyamizni zaiflashtiradi”, - deydi demokrat senator Kris Kuns.

Trampning savdo bobidagi siyosati AQShda narxlarning keskin oshishiga olib kelmagan bo’lsa-da, uning mamlakat o’rta g’arbidagi tarafdorlari, mahsulotlarini Xitoyga eksport qilayotgan fermerlar zarar ko’ra boshlagan.

“Demokratik jamiyatda siyosiy tizim saylovchilar fikriga qarab shakllanadi. Bizda noyabr saylovlari yaqinlashyapti. Xitoyda esa saylovlar hali beri bo’lmaydi”, - deydi PNC banki iqtisodchisi Bill Adams.

2016-yil saylovlarida fermerlarning katta qismi Trampga ovoz bergan edi. Biroq Xitoy bilan savdo tortishuvlari ularga qimmatga tushmoqda. Pekin taslim bo’lishni xayoliga ham keltirgani yo’q.

Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha esa, Xitoy bilan savdo urushida g’alaba Amerika tomonida bo’ladi.

Tramp ma’muriyati Xitoydan tijoriy foyda uchun AQSh mahsulotlaridan nusxa ko’chirmaslikni, kiber-o’g’rilik bilan shug’ullanmaslikni, Amerika kompaniyalariga Xitoy bozorlariga kirishda to’sqinlik qilmaslikni, AQSh bilan savdoda profitsitni kamaytirishni talab qilib keladi.

Xitoy bu ayblovlarni inkor etgan holda AQSh mahsulotlariga import soliqlarini oshirmoqda, xususan makkajo’xori va soyaga. Xitoy Amerikada yetishtirilgan soyaning eng yirik xaridori hisoblanadi.

Oq uy Xitoy bilan muzokaralarga tayyormiz, biroq buning uchun Pekin qo’yilgan talablarni bajarishi kerak, deydi. Ammo shunday bo’lgunga qadar amerikalik fermerlar sotilmay qolgan hosil va mavhumlik hissi bilan qolib ketishi mumkin.