AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy bilan savdo urushida g’alaba Amerika tomonida bo’ladi, deya ta’kidlamoqda. Dushanba kuni Tramp ma’muriyatinining Xitoy importlariga joriy etgan eng so’nggi tariflari kuchga kirmoqda.
Pompeoning aytishicha, agar Xitoy kuchli bo’lishni istasa, intellektual mulkni o’g’irlamasligi kerak.
“Tariflarimiz Xitoyni to’g’ri yo’lga solishiga aminmiz”, - dedi u.
Pompeoga ko’ra, Xitoy AQShga ma’qul shartlar asosida savdo qilishga majbur bo’ladi.
Tramp ma’muriyati Xitoydan tijoriy foyda uchun AQSh mahsulotlaridan nusxa ko’chirmaslikni, kiber-o’g’rilik bilan shug’ullanmaslikni, Amerika kompaniyalariga Xitoy bozorlariga kirishda to’sqinlik qilmaslikni, AQSh bilan savdoda profitsitni kamaytirishni talab qilib keladi.
24-sentabr kuni kuchga kirayotgan tariflar Xitoyning salkam 200 milliard dollarlik eksport mahsulotlariga qo’yilgan. Pekin javob tariqasida AQShning 60 milliard dollarlik eksport tovarlarini qo’shimcha boj bilan siyladi.
Mamlakatlar o’rtasidagi savdo urushi 50 milliard dollarga teng importlarni tariflashdan boshlangan edi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Amerikaga kiritilayotgan Xitoyning umumiy qiymati 267 milliard dollarga teng barcha tovarlariga qo’shimcha boj to’lovlari qo’yishga do’q-po’pisa qilmoqda.