5-avgust kuni AQSh qimmatbaho qog’ozlar bozorlarida narxlar dekabr oyidan beri ilk bor keskin tushib ketganidan so’ng bir kun o’tib vaziyat biroz barqarorlashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy AQShdan qishloq xo’jaligi mollarini ortiq sotib olmasligini e’lon qilishi ketidan Prezident Donald Trampning bosh iqtisodiy maslahatchisi Xitoy bilan savdo va moliyaviy tortishuvlarda ustunlik AQSh tomonida, deb bayonot berdi.
AQSh qimmatbaho qog’ozlar bozorida narxlarning tushishi Xitoyning ana shu bayonoti hamda milliy valyuta yuanning qadrsizlanishi bilan bog’liq.
Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Larri Kadlovning aytishicha, Prezident Tramp Xitoy bilan savdo bitimiga erishish rejasidan voz kechgani yo’q.
“Xitoyliklar bilan samimiy niyatda doim muzokara qilganmiz, bundan keyin ham shunday bo’lishini istaymiz. Agromahsulotlar haqidagi bayonotdan afsusdamiz. Prezident Tramp Amerika iqtisodiyotini himoya qilishga majbur”, - dedi rasmiy.
Xitoy Savdo vazirligining bildirishicha, mahalliy kompaniyalar AQShdan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini xarid qilishni to’xtatgan. Bu Trampning o’tgan hafta Xitoyning 300 milliard dollarlik tovarlariga yangi tariflar qo’yilishi haqidagi bayonotiga javob bo’ldi.
“2019-yil Amerika qishloq sanoati uchun og’ir davr bo’ldi. Xitoy hukumati mahalliy kompaniyalarga boshqa bozorlar bilan ishlashni buyurishi Amerika agroeksportiga zarar qiladi”, - deydi moliyachi Bill Adams.
Oq uy AQSh-Xitoy savdo urushidan zarar ko’rgan fermerlarga 16 milliard dollarlik yordam paketi tayyorlagan.
Tramp kelasi yili yordam bundan-da kattaroq bo’lishini aytdi. Hafta boshida AQSh Moliya vazirligi Xitoyni “valyuta manipulyatori” deb e’lon qildi va Xalqaro valyuta jamg’armasiga shikoyat qilishini bildirdi.
“Bu hafta voqealari AQSh-Xitoy savdo mojarosining moddiy tarafdan kuchayishiga sabab bo’ldi. Biroq bundan hech kim ajablanayotgani yo’q. Xitoy ham, AQSh ham so’nggi oylarda boshi berk ko’chaga kirishga va hatto mojaroning keskinlashishiga tayyor ekanini ko’rsatishgan. Har bir tomon qarshi tarafning birinchi bo’lib yon berishini kutyapti”, - deydi PNC moliya xizmatlari kompaniyasidan katta iqtisodchi Bill Adams.
Moliyaviy bozorlarga salbiy ta’sir qilishidan tashqari AQSh-Xitoy savdo urushi nafaqat har ikki mamlakat, balki boshqa ko’plab davlatlar iqtisodiyotlarini ham yemirmoqda.
Sentabr oyida AQShga Xitoydan hukumat delegatsiyasi kelib, savdo muzokaralarini davom ettirishi kutilmoqda.