AQSh-Xitoy savdo muzokaralari Vashingtonda davom etadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Agar 1-martgacha kelishuvga erishilmasa, Prezident Donald Tramp Xitoy mahsulotlariga tariflarni yanada oshirishini aytgan. Iqtisodiy qudrat bo’yicha birinchi va ikkinchi o’rinlarda turadigan ikki davlat savdo muzokaralarini davom ettirmoqda.

Pekinda o’tgan bir haftalik muzokaralar yakunida Xitoy Prezidenti Si Zinpin AQSh delegatsiyasini qabul qildi. Ikki davlat 1-martgacha yangi savdo shartlari bo’yicha kelishib olishi kerak.

Muzokaralar Vashingtonda davom etadi. AQSh Xitoydan adolatli raqobat uchun muhit yaratishni, intellektual mulkning majburiy ko’chirilishi va iqtisodiyotga davlat aralashuvi kabi amaliyotlar to’xtatilishini talab qilmoqda.

“Muzokaralar ijobiy ruhda kechmoqda, lekin eng muhimi yakuniy kelishuvga erishish. Xitoy bilan yaqindan ishlayapmiz, Prezident Si Zinpinga hurmatim baland. Savdo bo’yicha kelishib olishga yaqinmiz”, - deydi Prezident Donald Tramp.

2018-yilda AQShning Xitoy bilan savdo kamomadi 400 milliard dollardan oshgan. Savdodan foydani ular ko’ryapti, biz emas, deydi Tramp. 1-martgacha kelishuvga erishilmasa, u Xitoy mahsulotlariga tariflarni 10 foizdan 25 foizga oshirishini aytgan.

Xitoy Amerikadan ko’proq mahsulot xarid qilishga rozi, ammo davlat korxonalariga katta subsidiyalar berish kabi amaliyotdan voz kechmoqchi emas. AQSh qonunchilari vaziyatdan norozi.

“2015-yilda Xitoy borib, u yerda ishlayotgan AQSh kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashgan edim. O’shanda ular Prezident Si Zinpinga vaqt beraylik, u boshlagan islohotlar natija berishi kerak, deyishgan edi. Bir yildan keyin xuddi shu biznes egalari Kongressga kelib, siyosat o’zgarmaganini, AQSh chora ko’rishi kerakligini aytishdi”, - deydi senator Kori Gardner.

Razvedka rasmiylariga ko’ra, Xitoy AQSh texnologiyasini o’g’irlab, undan harbiy maqsadda ham foydalanmoqda.

“Xitoy Amerikaga sherik bo’la oladi, unga yordam berishimiz kerak, degan qarash bor edi. Ammo Xitoyning harbiy qarorlari, mudofaa va texnologiya sektorlariga kiritgan sarmoyalari yuzasidan xavotir bildirilganda, ular jiddiy qabul qilmagan”, - deydi tahlilchi Kris Brouz.

Ikki davlat rahbarlari qachon yuzma-yuz uchrashishi hozircha noma’lum. Agar muzokaralar oldinga siljisa, Tramp Xitoy mahsulotlariga qo’yilgan tariflarni oshirish qarorini yana ikki oyga kechiktirishi mumkin.