AQShda koronavirusga chalinish hollari ko’payayotganiga qaramay, ayrim universitetlar ochilish haqida o’ylanmoqda. Tanqidchilarga ko’ra, bunday oliygohlar daromadni jamoat salomatligidan ustun qo’ymoqda.
Universitetga kelayotgan talabalar koronavirusga test topshirishi, niqob taqishi, ijtimoiy masofani saqlashi kerak bo’ladi.
Luiziana shtatining Yangi Orlean shahridagi Tuleyn universiteti xususiy oliygoh bo’lib, 19-avgustda 13 ming talabaga eshiklarini ochmoqchi. Yotoqxonaga kirishdan oldin talabalar ikki kun davomida tibbiy ko’riklardan o’tishi, yangi qoidalar bilan tanishib chiqishi kerak bo’ladi.
Sinfxonalar ijtimoiy masofa qoidalariga moslashtirilmoqda. 15 va undan ortiq odam to’plab, bazm qilgan talabalar oliygohdan haydalishi aytilmoqda.
Texas shtatining Xyuston shahridagi Rays universiteti ham xususiy bo’lib, koronavirusga 60 mingta test buyurtirgan, o’quv mashg’ulotlari xavfsizroq bo’lishi uchun yoni ochiq chodirlar o’rnatilgan.
Tuleyn universiteti prezidenti Maykl Fittsning aytishicha, pandemiya yoshlarning oliygohga hujjat topshirish ishtiyoqini so’ndirgani yo’q.
“Sinfda o’qishga qiziqish hali ham kuchli”, - deydi u.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, universitetlarning ochilishiga asosiy sabab moliyaviy bo’lib, oliygohlar yotoqxonalar, oshxonalar, kitob do’konlaridan qo’shimcha daromad olmoqchi.
Biroq ayrim kollejlar infeksiya sur’atini tushirish maqsadida talabalarga ham sinfxonalarda, ham onlayn darslar taklif etib, o’quv maskani hududida talabalar sonini kamaytirmoqchi.
Qator oliygohlar, jumladan Jons Xopkins universiteti o’qishni 100 foiz onlayn tartibga o’tkazmoqchi.
“Pandemiya kuchaymoqda. Darslarni sinfda taklif etish xavf tug’diradi degan xulosaga keldik”, - deydi universitet prezidenti Ronald Daniels.
Kornell universiteti rahbari Marta Pollakning aytishicha, talabalarni oliygoh hududida, yotoqxonalarda nazorat qilish osonroq bo’lgani uchun koronavirus yuqtirish ehtimoli ham pastroq.